Mo‘ynoq tumanining “Aral” MFY hududida qurilgan 17-sonli maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat boshladi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar bermoqda.
Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘istonga tashkil etilgan press-tur mobaynida ochilgan mazkur bog‘cha 100 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, uning qurilishi va jihozlari uchun jami 3,5 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.
Ta’kidlanishicha, investitsiya dasturi asosida barpo etilgan ushbu yangi bog‘chada “temir daftar” va “ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning 32 nafari ish bilan ta’minlangan.
“Mazkur MTT qurilishida ham sifatga alohida e’tibor qaratildi. Binodagi barcha jihozlar davlat investitsiya dasturi doirasida qilingan. Stol, stul, shkaf, yotoq jihozlarining hammasi ekologik toza mahsulotlardan qilinishiga alohida ahamiyat berilgan”, — dedi Qoraqalpog‘iston maktabgacha ta’lim vaziri Jumagul Usnatdinova.
Jumagul Usnatdinovaning qayd etishicha, bugungi kunda Mo‘ynoq tumanida 27 ta maktabgacha ta’lim tashkiloti mavjud bo‘lib, ulardan 17 tasi davlat, 8 tasi oilaviy va 2 tasi nodavlat ta’lim tashkiloti hisoblanadi. Mo‘ynoq hududida 3 yoshdan 7 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 2 ming 403 nafar bo‘lib, ulardan 2 ming 348 nafari bog‘chaga qamrab olingan.
Mavzuga doir:
- Qoraqalpog‘istonda bog‘cha tarbiyachilari avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ydi. Bunga qonunbuzarlikda gumonlangan mudiraning ishga qayta tiklanishi sabab bo‘lgan
- Otabek Shukurov homiyligida Qarshida yarim mln dollarlik bolalar bog‘chasi ochildi
- “Xodimlarga intizomiy chora ko‘riladi”. Shovotda tuman hokimi ishtirokidagi tadbirda yupun kiyingan bog‘cha tarbiyalanuvchilariga oid holatga izoh berildi
Izoh (0)