Italiya hukumati katta kruiz kemalarining Venetsiya suvlariga suzib kirishini taqiqlovchi farmonni imzoladi. Bu haqda hukumat saytiga tayanib “Korrespondent.net” xabar berdi.
“Vazirlar kengashi raisi Mario Dragi, barqaror infratuzilma va transport vaziri Enriko Jovannini hamda madaniyat vaziri Dario Francheskinining taklifiga binoan, Venetsiyada transport va kemalar harakatini tartibga solish bo‘yicha shoshilinch qoidalarni taqdim etish bo‘yicha farmon tasdiqlandi”, — deyiladi xabarda.
Farmonga ko‘ra, 40 ming tonnadan og‘ir bo‘lgan kemalar hamda okean bo‘ylab tashishda foydalaniladigan konteyner tashuvchi suv transportlariga turargoh qurish uchun texnik-iqtisodiy asoslar bo‘yicha taklif va loyihalarni to‘plash maqsadida Shimoliy Adriatik dengizining port ma’muriyati g‘oyalar tanlovini o‘tkazishi kerak bo‘ladi.
Venetsiyadagi Judekka kanalida MSC Opera kruiz kemasi va Michelangelo turistik teploxodi to‘qnashganidan so‘ng hududdagi yirik kemalar yo‘nalishini o‘zgartirishga qaror qilindi.
Ma’lumot uchun, Venetsiya Gondolyerlar assotsiatsiyasi qayiqlarda yo‘lovchilarning maksimal sonini besh kishiga kamaytirishga qaror qildi.
Avvalroq Italiyada koronavirusning uchinchi to‘lqini sabab davom etayotgan navbatdagi lokdaun vaqtida 22-mart kuni Venetsiya suvlarida ikki delfin paydo bo‘ldi. San-Marko maydonidagi kanallarda ko‘rinish bergan delfinlar ona-bola ekani taxmin qilinmoqda.
Shuningdek, Venetsiya shahridagi karantin davrida tozalangan kanallarda oqqushlar va meduzalar ko‘zga tashlandi. Meduzani mahalliy aholi vakillaridan biri videoga olgan. Videoda diametri 90 santimetr va og‘irligi 35 kilogrammgacha keladigan meduzani ko‘rish mumkin. Qayd etilishicha, meduza Bareteri ko‘prigi ostidagi shaffof suvda suzib yurgan.
Izoh (0)