Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Qashqadaryo viloyati markazi Qarshi shahrining “Ravoq” mahallasi, Nurobod ko‘chasida yashovchi 9 ta xonadon vakillari “Qashqadaryo sohili” sayilgohi barpo etilganidan buyon xonadonini suv bosib ketayotganini, hatto yashab turgan uylari devori ham yorilib, farzandlarining taqdiri xavf ostida qolayotganini aytmoqda.

Foto: “Daryo”

“Daryo”ga qilingan mazkur murojaatga ko‘ra, muxbir Otabek Qo‘ldoshev aytilgan manzilda bo‘lib, aholi bilan suhbatlashdi.

Foto: “Daryo”

“Biz ‘Qashqadaryo sohili’ sayilgohi barpo etilganidan beri damba to‘silgan paytda xonadonlarimizni suv bosib ketishidan aziyat chekib yashayotgan fuqarolarmiz. Bu masala bo‘yicha o‘tgan besh yil davomida murojaat qilmagan tashkilotimiz, shikoyat qilmagan rahbarimiz qolmadi. Hatto viloyat hokimi Zoir Mirzayevning shaxsan o‘zi va shahar hokimi Normo‘min Xolboyev 2020-yilda kelib, vaziyatni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishdi. Suv toshishidan aziyat chekayotgan 18 ta xonadonning 9 tasini boshqa joyga ko‘chirib, qolgan 9 ta xonadonni 2021-yilning mart oyi boshida to‘liq ko‘chiramiz deb va’da berishgandi. Lekin haligacha biror-bir harakat yo‘q. Sohilda suv to‘silib, damba qilingach, uylarimizga yana suv tosha boshlaydi”, — deydi aholi vakillaridan biri Nuriya Ergasheva.

Nuriya Ergasheva.

Nuriya Ergasheva.
Foto: “Daryo”

Nuriya Ergashevaning aytishicha, ular viloyat hokimi va shahar hokimining mahallaga tashrifida berilgan va’daga ko‘ra, 2020-yil yakunidan boshlab Qarshi shahar hokimligiga murojaat qilib kelmoqda. Biroq na shahar hokimligi va na viloyat hokimligi mas’ullari mazkur murojaatga e’tibor qaratgan.

Arxiv foto: “Daryo”

“Yashab turgan uylarimiz devori yorilib, cho‘ka boshlaganidan qo‘rqib har kuni Qarshi shahar hokimligi hamda viloyat hokimligiga murojaat qilib, yordam so‘raymiz. Ammo murojaatimizga hech kim tayinli javob bermayapti. Biz esa tahlikada yashashda davom etyapmiz. Nega biz xavfsiz joyga ko‘chirilmayapmiz? Yoki rahbarlar biror-bir fojiani kutishyaptimi?”, — deydi Nuriya Ergasheva.

Arxiv foto: “Daryo”

Arxiv foto: “Daryo”

Shu mahallada yashovchi Nafosat Amirqulovaning aytishicha, ular istiqomat qilayotgan uylar ahvolini ko‘zdan kechirgan Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xodimlari bu uylarda yashash inson uchun xavfli ekanligini aytib, “imkon qadar farzandlaringizni devorlari yorilgan xonalarda qoldirmang”, deya ta’kidlagan.

Arxiv foto: “Daryo”

“Dastlab shu muammo ko‘tarilganda, bundan ikki-uch yil ilgari qo‘shnilarimiz shu yerdan ko‘chishga qaror qilishganida shaxsan men qarshi chiqqanman va shu yerda yashab qolishimni aytganman. Ammo keyingi ikki yilda devorlarning yorilishi va uyimizning cho‘kishi bizni qo‘rqitib qo‘ydi. MChS xodimlari ham hovlimizni ko‘zdan kechirishganida ‘avariya holatidagi uylarda yashayapsizlar, imkon qadar farzandlaringizni devorlari yorilgan xonalarda yotqizmang’, deya ta’kidlashgan. Bu gaplardan so‘ng biz yanayam qo‘rqib qoldik”, — deydi Nafosat Amirqulova.

Nafosat Amirqulova.

Nafosat Amirqulova.
Foto: “Daryo”

Aholi vakillarining aytishicha, ‘Qashqadaryo sohili’ sayilgohi 2016-yil qurib foydalanishga topshirilganidan so‘ng, hosil qilingan damba suvi ular yashab turgan hovlilarga tosha boshlagan va xonadon devorlarining yorilishiga sabab bo‘lgan.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

“2016-yil damba qurilgach, shu ahvolga tusha boshladik. Aslida biz shahrimiz chiroyli bo‘lishiga qarshimasmiz, bundan xursand bo‘lamiz. Aynan shu damba qurilib, uyimiz yonida dam olish maskani qurilganidan xursand bo‘lganmiz. Ammo keyinchalik bu go‘zallik biz uchun katta xavf ekanligini bildik. Mana shunday go‘zallikka kimningdir Vatanini vayron qilish evaziga erishilishiga qarshimiz”, — deydi suhbatdosh.

Arxiv foto: “Daryo”

Arxiv foto: “Daryo”

Nafosat Amirqulovaning qo‘shimcha qilishicha, aholining shu holatidan xabar topgan viloyat rahbari va Qarshi shahri hokimi ulardan ariza olib, tez orada 18 ta xonadon boshqa xavfsiz hududga ko‘chirilishini ma’lum qilgan. Biroq 18 ta xonadonning 9 tasi ko‘chirilgach, qolgan 9 ta xonadon haqida esdan chiqarishgan.

Foto: “Daryo”

“Berilgan va’dani eslatib, shahar hokimligiga qayta-qayta murojaat qilyapmiz. Murojaat xatimizni hokimlikka bersak, bir hafta davomida bir xonadan ikkinchi xonaga o‘tmagan ekan. Hokimlik mas’ullari murojaatlarga shu darajada befarq ekanki, murojaatimiz taqdiri haqida so‘rasak, ‘bizga murojaatingiz hali kelmagan’, deyishdi. Shu joyda yashab qolishga harakat qilyapmiz. Har yili qayta-qayta qurilish qilyapmiz, ammo befoyda. Iltimos rahbarlar, hech bo‘lmasa yosh farzandlarimizga rahmingiz kelsin”, — deydi Nafosat Amirqulova.

Sanobar Shodiyeva.

Sanobar Shodiyeva.
Foto: “Daryo”

Shunday tahlika-yu, qo‘rquvda yashayotgan aholi vakillaridan yana biri Sanobar Shodiyevaning ta’kidlashicha, kun sayin vaziyat yomonlashmoqda. Mas’ullar esa sukut saqlashni, harakatsizlikni lozim topgan.

Foto: “Daryo”

“Eng mustahkam qurilgan yerto‘lamizga ham suv kirdi. Yerto‘lada saqlayotgan narsalarim suv tagida qoldi. Hammasi yaroqsiz holga kelib qoldi. Uylarimizning devorlarini-ku, aytmasak ham bo‘ladi. Kun sayin yoriqlari kattalashib bormoqda”, — deydi Sofiya Xudoyorova.

Sofiya Xudoyorova.

Sofiya Xudoyorova.
Foto: “Daryo”

Shu mahallada yashovchi Shavkat Jumayevning aytishicha, yangi qurgan uyining devorlari ham yorila boshlagan.

Foto: “Daryo”

“Uyimizning barcha devorlari yorilib ketyapti. Uy eshiklarini yopsak, devorlar qimirlaydi. Bu uylarda yashab jonimizni xatarga qo‘yyapmiz. Ko‘chib ketaylik desak, imkoniyatimiz yetmaydi. Mas’ullar esa vaziyatni jim turib kuzatishmoqda”, — deydi Shavkat Jumayev.

Arxiv foto: “Daryo”

Aholining mazkur shikoyatiga javob olish maqsadida Qarshi shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Umid Jabborov bilan bog‘lanib, mas’ullarga savolimizni yetkazishni va izoh berishlarini so‘radik. Mas’ullar ish bilan ovoraligini aytgan shahar hokimi matbuot kotibi “aholini boshqa joyga ko‘chirishga va’da berilmaganini” aytib, aniqroq ma’lumotni mutasaddilardan so‘rab berishini bildirdi. Biroq aytilgan muddatda bu haqda ma’lumot bermadi.

Arxiv foto: “Daryo”

Viloyat hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov esa mazkur vaziyatdan viloyat hokimi Zoir Mirzayevning xabari borligini, muammo tez orada yechim topishini aytdi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Dunyo
Rossiyaning Nyu-Yorkdagi bosh konsulligi binosi qizil bo‘yoqqa bo‘yaldi (video)
Dunyo
“Zelenskiy NATOga ariza topshirib, dunyoga uchinchi jahon urushini taklif qilmoqda” — Dmitriy Medvedev
Dunyo
“Biz muloqotga tayyormiz, ammo boshqa prezident bilan” — Zelenskiy Rossiyada prezident almashsagina muzokaralar stoliga qaytishini ta’kidladi