O‘zbekistonda bir jinsli munosabatlarning qonuniylashtirilishiga qarshi bo‘lgan faollar 28-mart kuni kuni o‘z noroziliklarini bildirish maqsadida Toshkent markazidagi Amir Temur xiyoboni oldida to‘plangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Keyinroq Toshkent shahar IIBB matbuot xizmati LGBT faollariga qarshi norozilik holatidan so‘ng 12 kishi ushlanganini ma’lum qildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari Alisher Qodirov o‘zining Telegram’dagi kanaliga Toshkentda besoqolbozlarning provakatsion mitingini o‘tkazishga harakatlar bo‘layotganini yozib qoldirdi.

Foto: “Milliy tiklanish” partiyasi

Shu kunlarga ham yetib keldik, afsus...

G‘urursiz, sharafsiz hayotni o‘limdek ko‘rgan millatning erkaklari ichida ham erkaklikdan mahrum so‘taklar borligini isbotladingiz...

Toshkentda besoqolbozlarning provakatsion mitingini o‘tkazishga harakatlar bo‘lyapti. Bu provakatsiyaga aldanib, e’tiroz uchun yig‘ilganlarning bir qanchasi surishtiruvlar uchun ushlangan. Tartibbuzarlarga tegishli chora ko‘rilishi aniq, lekin masala boshqa tomonda... Oddiygina miting haqida gap ketmayapti. Bu millat qadriyatlari va jamiyatning fundamental ustunlariga mayda-mayda, lekin yirik niyatlar bilan urilayotgan zarbadir.

Bu holat Jinoyat kodeksining 120-moddasini yanada kuchaytirishga ehtiyoj borligini yaqqol ko‘rsatdi.

Modda besoqolbozlik, LGBT g‘oyalarini har qanday shaklda targ‘ib qilishni taqiqlash kerak. Albatta, jazo juda yumshoq. Bu modda sanksiyalari majburiy davolash, ozodlikdan mahrum etish, mamlakat fuqaroligini bekor qilish, mamlakatdan badarg‘a qilishgacha ko‘zda tutishi kerak.

O‘zbekiston xalqi sizdeklar bilan bir davlatda yashashni istamasa, buni qonunda aks etishi kerakligi juda ham tabiiy holat.

Terrorchilardek g‘urursizlarning ham millati bo‘lmaydi! Sizlarni rad etamiz! O‘zbekiston sizdeklar yashay olmaydigan yurt bo‘lishi uchun hamma narsani qilamiz. Millatimizga oq bo‘ling, sharafsizlar!

Alisher Qodirov, Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi rahbari

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining yana bir deputati Rasul Kusherbayev ham mazkur holat yuzasidan o‘z fikrlari bilan bo‘lishgan. U LGBT masalasiga qarshi ekanligini, biroq bunga nisbatan hech bir harakatida kuch yoki zo‘ravonlik ishlatishga chaqirmaganini ta’kidlagan.

Deputatning yozishicha, so‘z erkinligi jismoniy kuch ishlatish yoki “provakatsiya”ga chorlash degani emas.

Afsuski, Amir Temur xiyobonida bo‘lib o‘tgan tartibsizlik so‘z erkinligi chegarasini ochiqchasiga buzish va omma o‘rtasida ixtilof chiqarish yo‘lidagi harakat bo‘ldi. Balki, ayrim yashirin kuchlarning maqsadiga yetish uchun ayni muddao bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Biroq hozir gap bu haqdamas.

So‘z erkinligi shuki, bunda siz eshitishni istamagan shaxslarning fikriga qo‘shilmasangiz ham unga toqat qilish va pozitsiyangizni g‘oyalar bahsida himoya qilishdan iborat. Va bu hech qachon shaxsiyatga o‘tish yoxud “provakatsiya” orqali kuch ishlatishga olib kelishi kerakmas. Agar bu chegarani buzsangiz, demak so‘z erkinligi siz uchunmas. Aynan shu nuqtada so‘z erkinligining chegarasi tugaydi. U yog‘i esa qonunan javobgarlikka sabab bo‘luvchi tartibsizlik va haqoratga olib borishi mumkin.

Agarki jamiyat buni qabul qilolmasa, demak, so‘z erkinligi tushunchasini anglash va undan foydalanishga ma’nan haqli emas.

LGBT masalasida jamiyatning aksari fikr orqali o‘z pozitsiyasini bildirmoqda. Va tabiatan ayol va erkak sifatida dunyoga kelib, tabiiy ravishda umr kechirayotgan saylovchilarimning fikri hamda o‘zimning shaxsiy qarashlarimdan kelib chiqib men ham bunga o‘z munosabatimni bildirdim: LGBT masalasiga qarshiman.

Biroq biz hech bir harakatimizda bunga nisbatan kuch ishlatish yoxud tartibsizlik qilishga chaqirmadik. Biz o‘zimizga yoqmasa ham uni mustaqil fikr sifatida toqat qilib tinglashga burchlimiz.

Chunki fuqarolik jamiyatida fikrlar xilma-xil bo‘lishini tabiiy qabul qilamiz. Va buni fuqarolik jamiyati sharoitidagi jamoatchilik nazoratining muhim instrumenti sifatida bilamiz. Bu instrumentga putur yetishini istamaymiz.

Bir haqiqat aniq: biz eshitishni istamagan fikr va qarashlar, muammoli masalalar hech qachon kuch ishlatish va tartibsizlik qilish yo‘li bilan hal qilinmaydi.

Shu bois bo‘lib o‘tgan tartibsizlikni jamiyatning ongli a’zosi sifatida hech qachon oqlay olmayman. Va barchani “olomon jamiyat” qiyofasini ko‘rsatmay, muammolarni bosiqlik bilan “dialog” orqali hal etadigan madaniyatli mamlakat fuqarolari sifatida namoyon qilishga chaqirib qolaman. Biz asli bunday emasmiz-ku!

Tartibsizlik, “olomonlik” va “provakatsiya”ga yo‘l qo‘ymaylik!

Tartibbuzar va bunga chorlovchi “provakator”larga esa qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab qolamiz.

Rasul Kusherbayev, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi