Andijon viloyatining Baliqchi tumanida sabzavotchilikka ixtisoslashgan yer maydonini 18 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan fermer xo‘jaligi rahbari ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, “N.” fermer xo‘jaligi rahbari X.R. F.T.ning ishonchiga kirib, unga fermer xo‘jaligiga tegishli sabzavotchilikka ixtisoslashgan yer maydonining 6 gektarini yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali bog‘dorchilik yo‘nalishi bo‘yicha hujjatlarni 18 ming dollar evaziga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan.
Oldindan kelishilgan puldan 189 million so‘mni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida departament hamda DXXning Baliqchi tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan X.R.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.
Avvalroq Zangiotada sug‘oriladigan yer maydonini noqonuniy sotib yuborgan fermer xo‘jaliklari rahbarlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, Parkentda besh gektar yerni 1 million dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlangani, Buxoro tumani hokimligi zaxirasidagi yerni 23,5 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga tushgani, Navoiyda tadbirkorga tegishli yerni 150 ming dollarga sotishga uringan shaxs qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.
Izoh (0)