Turkmaniston bo‘ylab 20-mart kuni bahorgi ko‘kalamzorlashtirish hashari o‘tkazildi. Ashxoboddagi hasharda prezident Gurbanguli Berdimuhamedov ham ishtirok etdi. Bu haqda Turkmaniston davlat axborot agentligiga tayanib, “Xronika Turkmenistana” xabar berdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

20-mart kuni ertalab davlat rahbari mashinada Garagum mehmonxonasi yonidagi bog‘ga yetib keldi, uni Majlis raisi, bosh vazir o‘rinbosarlari, harbiy va huquqni muhofaza qilish organlarining hamda vazirlik va davlat idoralarining rahbarlari kutib oldi.

Prezident 16-mart kuni mehmonxona va unga tutash bog‘ning qurilish ishlarini ko‘zdan kechirgan edi.

Mehmonxona yonida davlat madhiyasi sadolari ostida davlat bayrog‘i ko‘tarildi va Berdimuhamedov daraxt ekdi. Undan o‘rnak olib barcha rasmiylar va xavfsizlik xizmati xodimlari ham ko‘chat o‘tqazdi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Ma’lumot uchun, 12-fevral kuni prezident mustaqillikning 30 yilligi sharafiga bu yil 30 million tup ko‘chat o‘tqazishni buyurgan: ularning 10 milliontasi Ashxobodda, 20 milliontasi viloyatlarda ekiladi.

Foto: “Xronika Turkmenistana”

Shanba kuni respublikaning barcha hududlarida tozalash ishlari o‘tkazildi. Ularda davlat va budjet tashkilotlari xodimlari so‘zsiz ishtirok etdi, deb xabar beradi “Xronika Turkmenistana” muxbirlari. Odamlar chiqindilarni tozalab, daraxt ekish bilan shug‘ullangan.

Avvalroq Berdimuhamedov favqulodda vaziyatlar uchun 112 yoki 911 yagona raqamidan foydalanishni taklif qilgan edi.

Shuningdek, Turkmaniston parlamenti “Xizmat ko‘rsatgan itboqar” va “Xalq itboqari” faxriy unvonlarini ta’sis etish to‘g‘risidagi qonun loyihalarini qabul qilgani haqida xabar berilgandi. Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov ushbu faxriy unvonlar sovrindorlari uchun ko‘krak nishonlarining eskizlarini shaxsan tasdiqlagan.

Eslatib o‘tamiz, Berdimuhamedov Turkmaniston poytaxtining yubileyi kuni tug‘ilgan birinchi chaqaloqqa Ashxobod deb ism qo‘yishni buyurgan. Shuningdek, u teatrlarda “xalqning baxtli hayoti” to‘g‘risidagi spektakllar yo‘qligi sabab madaniyat vaziriga hayfsan bergan.