Ispaniya parlamenti evtanaziyani qonuniylashtirdi. Bu haqida Reutersga tayanib, Meduza xabar berdi.
Mamlakat aholisining 18 yoshdan oshgan qismi evtanaziya huquqidan foydalanishi mumkin. Buning uchun ular chidab bo‘lmas og‘riqlarni keltirib chiqaradigan jiddiy yoki davosi yo‘q kasallikka chalingan bo‘lishi kerak. Evtanaziyani amalga oshirish uchun bemor kamida 15 kunlik oraliq bilan ikkita so‘rov yuborishi kerak.
Qonunga ko‘ra, evtanaziya shifokor tomonidan amalga oshirilishi yoki bemorning o‘zi boshqa bir kishining yordami bilan bajarishi mumkin. Hujjat muolajani rad etish huquqini shifokorlarda saqlab qoladi.
Qonun iyun oyida kuchga kirishi kutilmoqda.
Ispaniya evtanaziyani qonuniylashtirgan dunyodagi oltinchi, Yevropadagi to‘rtinchi davlatga aylandi. Bungacha evtanaziya Belgiya, Lyuksemburg, Niderlandiya, Kanada va Kolumbiyada, shuningdek, AQShning bir nechta shtatida qonuniylashtirilgan.
2021-yilning yanvar oyida Portugaliya ham evtanaziyani qonuniylashtirish bo‘yicha qaror qabul qildi, lekin 16-mart kuni konstitutsiyaviy sud buni mamlakatning asosiy qonunlariga zid deb topdi. Qonun loyihasi parlamentga qayta kiritildi, endi unga ba’zi o‘zgartirishlar kiritiladi.
Ma’lumot uchun, evtanaziya og‘ir yoki davosi yo‘q kasallikka chalingan va bu kasallik natijasida chidab bo‘lmas og‘riqlarni boshdan kechirayotgan odamning hayotiga nuqta qo‘yish amaliyoti hisoblanadi.
Izoh (0)