Toshkentning Yunusobod tumanida besh nafar talaba o‘lik holda topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: “Daryo”

Ma’lum qilinishicha, ularning murdalari 27-fevral kuni soat 20:50 larda “Firdavsiy” MFY, Injobod ko‘chasida ijarada yashab kelgan uydan topilgan. Jami besh nafar talaba — Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti 2-bosqich talabalari M.U., R.S., D.G‘. va Singapur universiteti 2-bosqich talabasi O.I. hamda Inha universiteti 1-bosqich talabasi S.X. vafot etgan.

Ushbu holat yuzasidan shu kunning o‘zida Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” bandi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Sud tibbiyot ekspertizasining 27-fevral kungi dastlabki xulosasiga ko‘ra, jablanuvchilarning o‘limi noma’lum moddadan o‘tkir zaharlanish natijasida yuz bergan.

Mazkur jinoyat ishi tergovi Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olingan.