O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish masalasida videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “Daryo”

Yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasining mas’ul xodimlari, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim, Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash, Adliya, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish, Mahalla va oilani qo‘llab quvvatlash, Qurilish vazirliklari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan vazirlik va idoralarning rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining yoshlar va ijtimoiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari, oliy ta’lim muassasalari rektor va prorektorlari ishtirok etdi.

Muhokama jarayonida oliy ta’lim muassasalari rektorlari, prorektorlari, dekan, shuningdek, yoshlar bo‘yicha yetakchilari tomonidan talabalarning yashash sharoitlarini tahlil qilish o‘z holiga tashlab qo‘yilganligi tanqid qilindi.

Xususan, talabalar ijarada qayerda yashamoqda, kimnikida turibdi, yashash sharoiti qanday, darsdan keyin nima ish bilan mashg‘ul bo‘ladi, bo‘sh vaqtini qanday o‘tkazadi, bu talabalarning o‘qish jarayoniga qanday ta’sir ko‘rsatmoqda kabi jiddiy masalalar ko‘rib chiqildi.

Ayniqsa, mas’ullar tomonidan talabalarning xususiy uy-joylarda yashash sharoitlari bilan bevosita joyiga chiqqan holda o‘rganilmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Talabalar tomonidan ijaraga olinayotgan xonadonlarning yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik talablariga javob bermasligi, talabalarda birlamchi yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik bo‘yicha bilimlarining yetarli emasligi natijasida turli noxush hodisalar ro‘y bermoqda.

Muhokama majlisida ijarada turadigan talabalarning va ijara beruvchi fuqarolar o‘rtasida munosabatni shaffoflashtirish, ijara uchun berilgan uy-joylarning holati, ota-onalar va talabalar uchun ijaraga beriladigan uy-joylar to‘g‘risida yagona axborot tizimini yaratish kabi masalalarga ham to‘xtalib o‘tildi.

Muhokama natijasida quyidagilarni amalga oshirishga kelishib olindi:

  • Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish” yuzasidan qo‘shma qarorini qabul qilish va unda har bir hududda Ishchi guruh tuzib, ijarada va yaqin qarindoshinikida yashayotgan talabalar bo‘yicha o‘rganish tizimini joriy qilish;
  • har bir hudud kesimida talabalar turar joylari va ijaradagi talabalarning yashash sharoiti va turar joyi holatini, ayniqsa, yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik talablariga mos kelishini to‘liq tanqidiy va tahliliy o‘rganish;
  • oliy ta’lim muassasalari prorektorlarining lavozim vazifalarini qayta ko‘rib chiqib, ularning talabalar turar joyi va ijarada yashaydigan talabalar bilan ishlash tizimini yaratish;
  • Favqulodda vaziyatlar vazirligining joylardagi boshqarma va bo‘limlari bilan birgalikda har bir talabalar turar joyidagi yong‘in xavfsizligi va boshqa texnik xavfsizlik masalalarini o‘rganib chiqish;
  • talabalarga birlamchi yong‘in va boshqa texnik xavfsizlik masalalari bo‘yicha yetarli tushuntirishlar berish;
  • ijarada turadigan talabalar bilan guruh murabbiylari, profilaktika inspektorlari va mahalla mas’ullari tomonidan hamkorlikda olib boriladigan profilaktik tadbirlar qamrovi va sifatini oshirish;
  • viloyat markazlariga yoki Toshkent shahriga uzoq tumanlar va boshqa viloyatlardan oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga kelib, ijarada turadigan talabalarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish mexanizmini ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish;
  • oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan talabalarning ehtiyojidan kelib chiqib, talabalar turar joylarini qurish yuzasidan ishlab chiqilgan manzilli dasturni takomillashtirish.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Favqulodda vaziyatlar vazirligining “Talabalar yashash sharoiti va harakatlanishi monitoringini yo‘lga qo‘yish va bu boradagi ishlarni takomillashtirish” yuzasidan qo‘shma qarorga muvofiq tuzilgan Ishchi guruhlar 2021-yilning 1-martidan o‘z faoliyatini boshlaydi.

Mazkur masala har hafta Vazirlar Mahkamasi tomonidan nazorat va tahlil qilib boriladi.

Eslatib o‘tamiz, 27-fevral kuni Yunusobodda ijarada yashovchi besh talabaning murdasi topildi. Jabrlanuvchilarning o‘limi noma’lum moddadan o‘tkir zaharlanish natijasida yuz bergan.

Bundan avval O‘zbekistonda talabalar oilasining betob a’zosini parvarish qilish uchun ham akademik ta’til olishi mumkin bo‘lishi, Qarshi davlat universiteti hududida talabalar uchun 800 o‘rinli yotoqxona qurilishi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov bir qator rektorlarni tanqid qilgani haqida xabar berilgandi.