Qirolicha Yelizaveta II va uning oila a’zolari, shahzoda Garri va uning rafiqasi Megan Marklning amerikalik teleboshlovchi Opra Uinfriga bergan intervyusi orqali, o‘tgan bir necha yil juftlik uchun qanchalik og‘ir kechganidan xabar topib, qayg‘uga tushdi. Bu haqda Bukingem saroyi matbuot xizmatiga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: EPA

Bukingem saroyi intervyuda Marklning o‘g‘li Archiga homilador bo‘lganida, qirollik oilasining ba’zi a’zolari hali tug‘ilmagan bolaning “tanasi qanchalik darajada qora” bo‘lishidan xavotirlangani haqidagi gaplariga javob qaytardi.

“Interyuda ko‘tarilgan masalalar, ayniqsa, irqiy muammolar bizni  tashvishga solmoqda. Ba’zi xotiralar aslidan farq qilishi mumkin bo‘lsa-da, ular juda jiddiy qabul qilinadi va ularni qirollik oilasi alohida ko‘rib chiqadi”, — deyiladi bayonotda.

Bukingem saroyi, shuningdek, shahzoda Garri, Megan Markl va Archi har doim qirollik oilasining sevimli a’zolari bo‘lib qolishini qo‘shimcha qildi.

Amerikaning CBS telekanalida 7-mart kuni shahzoda Garri va Megan Marklning intervyusi namoyish etildi. Qirollik vakolatlaridan rasman voz kechganiga bir yil bo‘lgan ushbu juftlik, intervyu mobaynida bir qator e’tiborga molik bayonot va boshqa masalalar qatorida Britaniya monarxiyasining parda ortidagi hayotidan ba’zi jihatlarni ochib bergan. The New York Times nashrining yozishicha, efirni bir vaqtning o‘zida kamida 17,1 million kishi tomosha qilgan.

Intervyuda Markl birinchi farzandiga homiladorlik vaqtida o‘g‘liga shahzoda unvoni berilmasligi, shuning uchun u qirollik himoyasiga olinmasligi, shaxsiy tan soqchiga ega bo‘lmasligidan xabar topganini aytgan. Shu bilan birga, gersoginya qirol oilasining ba’zi a’zolari hali tug‘ilmagan bolaning “tanasi qanchalik darajada qora” bo‘lishidan xavotirlangani ma’lum qilgan.

Sasseks gersoginyasi ularning ismlarini tilga olmagan. Markl aks holda, bu qirollik oilasi vakillariga “jiddiy zarar” yetkazishini ta‘kidlagan. Suhbatdan so‘ng, Uinfrining ma’lum qilishicha, kadr ortida shahzoda Garri o‘g‘lining tanasi rangi mavzusi to‘g‘ridan to‘g‘ri qirolicha yoki uning eri, shahzoda Filipp tomonidan muhokama qilinmaganini ta’kidlagan.

YouGov jamiyatshunoslik kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, britaniyaliklarning 47 foizi suhbatni noo‘rin deb topgan, respondentlarning 21 foizi esa bunga aksincha o‘z fikrini bildirgan va yana 31 foizi intervyu to‘g‘risida qaror qabul qila olmagan. So‘rovda qatnashganlarning 29 foizi Sasseks gersogi va gersoginyasiga, 39 foizi qirollik oilasiga hamdardlik bildirgan.

Avvalroq qirolicha Yelizaveta II shahzoda Garri va Marklning intervyusiga baho berish uchun unga biroz vaqt kerakligini aytgan edi.