Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II shahzoda Garri va uning rafiqasi Megan Marklning amerikalik jurnalist Opra Uinfriga bergan intervyusiga oid qirollik oilasi matbuot xizmati tomonidan tayyorlangan bayonotga imzo chekmadi. Bu haqda The Times nashriga tayanib, “RBK” xabar berdi.

Yelizaveta II

Foto: AP Photo

Qirolichaning bayonoti Britaniya jamiyatida kechayotgan taranglikni yumshatishi kerak edi. Gazetada yozilishicha, Yelizaveta II er-xotinning bayonotlariga javob qaytarish uchun biroz tanaffus olgan.

The Times gazetasining yozishicha, Bukingem saroyidagi intervyudan so‘ng Megan Marklning o‘z joniga qasd qilish o‘ylari, qirollik oilasidagi irqchilik va oila vakillari o‘rtasidagi munosabatlarning murakkabligi haqida aytgan gaplari shov-shuvga sabab bo‘ldi.

Suhbat Amerikaning CBS telekanalida 7-mart kuni namoyish etilgan. Qirollik vakolatlaridan rasman voz kechganiga bir yil bo‘lgan ushbu juftlik intervyu mobaynida bir qator e’tiborga molik bayonotlar berdi va boshqa masalalar qatorida Britaniya monarxiyasining parda ortidagi hayotidan ba’zi jihatlarni ochib berdi.

Markl Bukingem saroyining matbuot idorasi uni hatto o‘z joniga qasd qilish haqidagi o‘ylari va qirollik oilasi er-xotinning birinchi farzandi Archining terisi “qanchalik qora” bo‘lishi (Meganning onasi afroamerikalik) haqida tashvishlangani to‘g‘risida jamoatchilikka oshkor qilishga yo‘l qo‘ymaganini tan oldi.

Gersoginya, shuningdek, shahzoda Garriga rasmiy to‘y marosimidan uch kun oldin xufiyona turmushga chiqqani va yozda tug‘iladigan ikkinchi farzandi qiz bo‘lishi kutilayotganini aytdi.

Garrining so‘zlariga ko‘ra, qirollik vakolatlaridan voz kechish to‘g‘risida qaror qabul qilingandan so‘ng u otasi shahzoda Charlz bilan ma’lum vaqt aloqalarni to‘xtatgan, ammo buvisi Yelizaveta II bilan yaxshi munosabatlarni saqlab qolgan.

Suhbatdan so‘ng Uinfrining ma’lum qilishicha, kadr ortida shahzoda Garri o‘g‘lining terisi rangi mavzusi to‘g‘ridan to‘g‘ri qirolicha yoki uning eri, shahzoda Filipp tomonidan muhokama qilinmaganini ta’kidlagan.

Intervyu efirga chiqarilishidan bir necha soat oldin The Times nashri manbalariga asoslanib Bukingem saroyi tomonidan ushbu intervyuga qirol oilasiga nisbatan “urush e’lon qilish” sifatida qaralishini yozdi. “Reaksiya kimning tanqid qilinishiga bog‘liq bo‘ladi — qirol oilasimi yoki muayyan shaxslar?”, — degan gazeta manbasi.

YouGov jamiyatshunoslik kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, britaniyaliklarning 47 foizi suhbatni noo‘rin deb atagan, respondentlarning 21 foizi esa bunga teskari nuqtayi nazarni bildirgan va yana 31 foizi intervyu to‘g‘risida qaror qabul qila olmagan. So‘rovda qatnashganlarning 29 foizi Sasseks gersogi va gersoginyasiga, 39 foizi qirollik oilasiga hamdardlik bildirgan.

Avvalroq Britaniya qirollik oilasining xizmatchilari shahzoda Garrining rafiqasi Megan Marklni tazyiq o‘tkazish va tahqirlashda ayblagan edi. Unga javoban Markl bunday “hujum”dan “xafa bo‘lganini” ma’lum qilgan.