The Times gazetasi shahzoda Garrining rafiqasi gersoginya Megan Markl tomonidan Kensington saroyi xizmatchilariga nisbatan tazyiq va tahqirlashlar haqida hikoya qildi. Unga javoban Markl bunday “hujum” dan “xafa bo‘lganini” ma’lum qildi, deb yozadi Meduza.

Megan Markl

Foto: spletnik

The Times’ning navbatdagi sonida shahzoda Garri va Megan Marklning sobiq matbuot kotibi Jeyson Knaufning elektron xatidan parchalar nashr etildi. 2018-yil oktabr oyida yozilgan maktubda gersoginya ikki xodimni haydab yuborgani va yana bir xizmatchiga nisbatan “ishonchni poymol qilgani” haqida shikoyat qilingan. The Times gazetasining manbasiga ko‘ra, go‘yoki shahzoda Garri Knaufdan ushbu ma’lumotni tarqatmaslikni iltimos qilgan.

Maktub Garrining akasi, shahzoda Uilyamning o‘sha paytdagi kotibi Simon Keysga yuborilgan (Uilyam va uning rafiqasi Keyt Midlton Kensington saroyida ilgari shahzoda Garri va Megan Markl bilan birga yashagan). Unda qayd etilishicha, saroy xodimlarini yollash bo‘yicha mas’ul bo‘lgan Samanta Karruters “vaziyat juda jiddiy” ekanini tasdiqlagan. Knauf xatda  “Men bularning hammasi shu holicha qolishidan xavotirdaman”, deb yozgan.

The Times manbalari, shuningdek,  Megan Markl ba’zi xizmatchilarni tazyiq ostiga olgani va ularning ba’zilarini hatto yig‘latganini ta’kidladi. Nashr suhbatlashgan xizmatchilardan biri gersoginya uni bir necha bor kamsitganini aytgan.

The Times nashri manbalari ushbu holat o‘rganilmagani va shu paytgacha xizmatchilarni qirol oilasi a’zosi tomonidan bo‘ladigan ehtimoliy tazyiqlardan himoya qilish uchun hech qanday chora ko‘rilmaganiga xavotir bildirdi. Ular Megan va Garrining amerikalik teleboshlovchi Opra Uinfri bilan intervyusi namoyish etilishidan oldin bezorilik haqida ommaga ma’lum qilishga qaror qilgani, chunki jamoatchilik boshqa nuqtayi nazarni ham bilishi kerakligini aytdi. Intervyu 7-mart kuni CBS telekanalida namoyish etiladi.

Sasseks gersogi va gersoginyasining rasmiy vakili Meganning “atay uyushtirilgan bo‘htonlar qurboni” bo‘lganini aytdi. Gersoginya o‘z vakili orqali, ayniqsa, o‘zining qachonlardir “tazyiqqa uchragani” va shunday vaziyatga tushgan odamlarni qo‘llab-quvvatlashini hisobga olib, unga qilingan “hujum”dan xafaligini bildirdi   “U butun dunyoda mehr-oqibat hissini tarbiyalash bo‘yicha ishlarini davom ettirishga qat’iy qaror qilgan va doim yaxshilik qilishning namunasi bo‘lishga intiladi”, — deya qo‘shimcha qildi vakil.

O‘z navbatida, er-xotin shahzoda Garri va Megan Marklning advokatlari The Times gazetasini juftlikning Opra Uinfri bilan intervyusi oldidan “butunlay yolg‘on ma’lumotni tarqatishda Bukingem saroyidan foydalanganlikda” aybladi.

Buyuk Britaniya qirolichasi Yelizaveta II ning rasmiy qarorgohi bo‘lmish Bukingem saroyi Megan Marklga qo‘yilgan ayblovlar yuzasidan tekshiruv o‘tkazilishini ma’lum qildi.

Ma’lumot uchun, shahzoda Garri va Megan Markl 2018-yil may oyida turmush qurgan. To‘ydan keyin ular bir muncha vaqt Kensington saroyida yashagan. 2020-yil yanvar oyida er-xotin qirollik vakolatlaridan voz kechib, avval Kanadaga, so‘ngra AQShga ko‘chib o‘tdi. Ular Spotify va Netflix strim xizmatlari bilan shartnomalar tuzdi. Yaqinda juftlik ikkinchi farzandini kutayotganini e’lon qildi.