Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li boshchiligidagi delegatsiya 6-mart kuni O‘zbekistonga keldi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.
Urganch aeroportida mehmonni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov hamda tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov va boshqa rasmiylar kutib oldi.
Xabar qilinishicha, Turkiya delegatsiyasi 6–9-mart kunlari O‘zbekistonga tashrifi davomida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari rahbarlari raisligidagi Strategiyani rejalashtirish guruhining ikkinchi yig‘ilishida ishtirok etadi.
Shuningdek, tashrif dasturida Xiva va Buxoro shaharlarini ziyorat qilish, Turkiyaning Samarqand shahridagi Bosh konsulxonasining ochilish marosimida ishtirok etish, Tashqi ishlar vazirligi, boshqa vazirlik va idoralarda uchrashuvlar va muzokaralar o‘tkazish ko‘zda tutilgan.
Bundan avval Turkiyaning O‘zbekistondagi yangi elchisi ish boshlagani hamda Anqarada Muhammad al-Xorazmiy sharafiga yodgorlik o‘rnatilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)