O‘zbekistonning Anqaradagi elchixonasi tashabbusi bilan Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti — TURKSOY hamda Anqara shahar munitsipaliteti bilan birgalikda “Xiva — turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” xalqaro dasturi doirasida Turkiya poytaxtida Muhammad al-Xorazmiy yodgorligining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” axborot agentligi.

Foto: “Dunyo” axborot agentligi

Ochilish marosimida Turkiyada amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermonov, O‘zbekiston elchisi Alisher A’zamxo‘jayev, Turkiy madaniyat xalqaro tashkiloti — TURKSOY bosh kotibi o‘rinbosari Bilol Chaqichi, Turkiya Buyuk Millat majlisidagi Turkiya—O‘zbekiston parlamentlararo do‘stlik guruhi raisi Osman Mesten, Anqara shahar Kechio‘ren munitsipaliteti hokimi Turg‘ut Oltino‘q, Anqara gubernatorligining Kechio‘rendagi vakili Urgut Bulut, shuningdek, mamlakat ilm-fan va madaniyat doiralari, OAV vakillari ishtirok etdi.

Al-Xorazmiy yodgorligining Anqara shahrida o‘rnatilishi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida TURKSOY tomonidan e’lon qilingan “Xiva — turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” xalqaro dasturi doirasida amalga oshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston elchisi Alisher A’zamxo‘jayev Muhammad Muso al-Xorazmiy insoniyat tarixi va tamaddunida alohida o‘rin tutgan buyuk shaxslardan biri ekanini ta’kidladi.

Foto: “Dunyo” axborot agentligi

Qayd etilishicha, Xorazmiy merosi O‘zbekistonning, turkiy dunyoning bashariyat tarixida muhim o‘rin tutganini namoyish qilib turadi.

Yodgorlik Anqara shahrining Kechio‘ren tumanidagi mashhur bog‘lardan biri — “Jo‘ka vodiysi” (Ihlamur Vadisi) hududida o‘rnatildi. Bog‘ 2016-yilda qayta ta’mirlanib, yangitdan shakllantirilgan bo‘lib, 4,5 kilometrlik sun’iy kanal atrofida joylashgan saylgoh sifatida sayqallangan.

Bog‘da, shuningdek, masjid, sport mashg‘ulotlari uchun maxsus maydonchalar va boshqa qulayliklar yaratilgan. Anqara munitsipaliteti va O‘zbekiston elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan hamda o‘zbek diasporasi vakillari tomonidan yuritilayotgan “Farg‘ona” nomli qahvaxona ham shu yerda faoliyat ko‘rsatmoqda.

Muhammad al-Xorazmiy yodgorligining rasmiy ochilish marosimidan so‘ng o‘zbek milliy kiyimlari ko‘rgazmasi va “Mendirman Jaloliddin” filmining namoyishi bo‘lib o‘tdi.