Toshkent shahar IIBB aholidan spa-salonlar bo‘yicha kelib tushayotgan shikoyatlar soni ortgani haqida ma’lum qildi. Unda mazkur muassasalarda fohishaxonalar mavjudligidan arz qilingan.
Yakkasaroy tumanida 23—24-fevral kunlari o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida bir qator spa-salonlar faoliyati tekshirilgan va qo‘shimcha xizmatlar taklif qilinayotgani bilan bog‘liq faktlar aniqlangan.
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektor mayor Munisa Abdurahmonovaning aytishicha, spa-salon ochgan tadbirkorlar odatda uning faoliyatida qatnashmasdan, mas’uliyatni menejerlarga yuklaydi. Natijada mas’ul shaxsda noqonuniy xizmatlar tashkil etish imkoniyati paydo bo‘ladi. Salon egasi uchun esa ichki ishlar organlari xodimlarining tashrifi kutilmagan yangilik bo‘ldi.
Xabarda aytilishicha, bunday holatlarning oldini olish bo‘yicha spa-salonlar xodimlari va rahbarlari bilan profilaktik suhbatlar o‘tkazilmoqda. Toshkent shahar IIBB xodimlari intim xarakterga ega noqonuniy xizmatlar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgani haqida ogohlantirmoqda.
Mavzuga doir:
Izoh (0)