Toshkent shahrida internetda massaj xizmatini taklif qilib, aslida mijozlarga intim xizmat ko‘rsatgan ayollar fosh etildi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar berdi.

Foto: Toshkent shahar IIBB

Ma’lum qilinishicha, 11-mart, chorshanba kuni, IIBB xodimlariga internet saytlaridan birida Sevara ismli qiz massaj xizmatini taklif qilib, aslida mijozlarga intim xizmatlar ko‘rsatayotgani haqida ma’lumot kelib tushgan. Ma’lumot asosida o‘tkazilgan tadbirda Sevara ismli mazkur qiz qo‘lga olingan va u aslida 27 yoshli Ozoda J. ekanligi aniqlangan. Qiz haqiqatan ham internetga mazkur e’lonni joylashtirganini tan olgan.

Ozoda J.ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasi (Fohishalik bilan shug‘ullanish)ga asosan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan va Shayxontohur tumani IIBga jo‘natilgan.

IIBB tomonidan ma’lum qilinishicha, xuddi shunday choralar 30 yoshli Dinara A.ga nisbatan ham qo‘llanilgan. Mazkur ayol ham internetda massaj niqobi ostida intim xizmatlar taklif qilgan.

Shuningdek, 11-mart kuni kechki payt o‘tkazilgan tadbirda Chilonzor tumani hududida joylashgan go‘zallik salonida kosmetologiya va oddiy massaj xizmatidan tashqari, tashrif buyuruvchi erkaklarga intim xizmatlar ham ko‘rsatilishi aniqlangan. Tadbir chog‘ida salonda massajchi bo‘lib ishlagan 20 yoshli Odina D. mazkur salonda ko‘rsatilgan intim xizmat uchun 100 ming so‘m olayotganda ashyoviy dalil bilan qo‘lga olingan.

Mazkur salonda Odina D.dan tashqari, 30 yoshli Umida B. rahbarligida ishlaydigan 20-32 yosh oralig‘idagi yana besh nafar ayol borligi hamda ular ham massajchi niqobi ostida fohishalik bilan shug‘ullanishi ma’lum bo‘lgan.

Mazkur holat bo‘yicha to‘plangan materiallar Chilonzor tumani IIBga yuborilgan. Umida B.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 131-moddasi (Qo‘shmachilik yoki fohishaxona saqlash)ga asosan ish qo‘zg‘atilgan. Boshqa massajchi ayollarga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 190-moddasi (Fohishalik bilan shug‘ulanish)ga asosan ish qo‘zg‘atilgan.

Avvalroq Sirdaryoda qo‘lga olingan fohisha IIB xodimiga pora berishga uringan edi. Namanganda qo‘shmachilik bilan shug‘ullangani uchun 6 marta javobgarlikka tortilgan ayolga 5 yil qamoq jazosi tayinlangan.

Eslatib o‘tamiz, 2019-yil 1-dekabrdan boshlab “OLX.uz”da massaj xizmatlari reklamasi to‘xtatilgan.