Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov mamlakatda Mudofaa vazirligini tuzishga qaror qildi. Bu haqda 1-fevral kuni davlat rahbari matbuot xizmatiga asoslanib “TASS” xabar berdi.
“Qirg‘iziston Respublikasi Mudofaa davlat qo‘mitasi va Qirg‘iziston Respublikasi Qurolli Kuchlari Bosh shtabi negizida Qirg‘iziston Mudofaa vazirligini tashkil etish maqsadga muvofiq deb hisoblansin”, – deyiladi prezident farmonida.
Matbuot xizmatining xabar berishicha, Mudofaa vazirligini tashkil etish to‘g‘risidagi farmon Japarov tomonidan “qurolli kuchlarni boshqarish tizimini yanada rivojlantirish maqsadida” imzolangan. Davlat rahbarining qaroriga muvofiq, respublika hukumatiga ushbu farmondan kelib chiqadigan choralarni ko‘rish tavsiya etiladi.
Qirg‘izistonda Mudofaa vazirligi 1993–2015-yillarda mavjud bo‘lib kelgan, undan so‘ng prezident Almazbek Atamboyev davrida u Mudofaa ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasiga aylantirilgan. Keyinchalik prezidentning qarori bilan mamlakatning barcha kuch va huquqni muhofaza qilish tuzilmalari, shu jumladan, Mudofaa va mudofaa ishlari bo‘yicha davlat qo‘mitasi Bosh shtabga bo‘ysundirilgan.
Mavzuga doir: “Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonda Karimovdan qolgan diktaturani yo‘qotdi” — Qirg‘iziston prezidenti
Prezident saylovi bilan birga mamlakatda boshqaruv shaklini o‘zgartirish bo‘yicha ham referendum bo‘lib o‘tdi. Referendum ishtirokchilarining 80 foizdan ortig‘i prezidentlik respublikasi uchun ovoz berdi. Qirg‘iziston hukumati esa Japarovning prezident saylovlaridagi g‘alabasidan so‘ng iste’foga chiqdi.
Sadir Japarov 28-yanvar kuni Bishkekdagi marosimda davlat rahbari lavozimida mamlakat xalqiga sodiq xizmat qilish haqida qasamyod qabul qilib, Qirg‘iziston prezidenti lavozimiga kirishdi.