Toshkent viloyati va Toshkent shahrida olib berilgan tadbirlar davomida giyohvand moddalarining noqonuniy savdosi bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruh aniqlandi, deya xabar bermoqda Davlat bojxona qo‘mitasi.

Foto: Davlat bojxona qo‘mitasi

Qayd etilishicha, Davlat bojxona qo‘mitasi Kontrabandaga qarshi kurashish va Bojxona auditi bosh boshqarmasi xodimlari tomonidan respublika hududida giyohvandlik vositalarini noqonuniy aylanishining oldini olish hamda ushbu moddalarni sotish va tarqatish bilan shug‘ullanib kelayotgan jinoiy guruhlar faoliyatini fosh etishga qaratilgan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Dastlab Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan restoranlardan birining oldida A.A. ismli shaxs avvaldan kelishilgan giyohvandlik vositasining bir qismini, ya’ni 199,73 gramm gashish giyohvandlik vositasini shartli xaridorga 3000 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.

Shundan so‘ng ushbu shaxsga xorijiy davlat fuqarosi tomonidan giyohvandlik vositasi uchun olinishi lozim bo‘lgan 3000 AQSh dollarni Toshkent shahrida kutib turgan D. ismli shaxsga yetkazib berishi haqida telefon orqali ko‘rsatma berilgach, tezkor tadbir Toshkent shahar Uchtepa tumanida davom ettirildi. Ushbu tuman hududidagi kafelardan birining yoniga Cobalt rusumli avtotransport vositasini boshqarib kelgan fuqaro E.D. 3000 AQSh dollarni olayotgan vaqtida ushlandi.

Mazkur shaxsning avtotransport vositasi ko‘zdan kechirilganida mashina saloni va yukxonasida karton qutilarga joylangan hech qanday hujjatlari bo‘lmagan umumiy qiymati 100 million so‘mlik 17 xil turdagi jami 1951 quti dori-vositalari borligi aniqlandi.

Shundan so‘ng jinoiy faoliyatni to‘liq fosh etish va avvaldan kelishilgan giyohvandlik vositasini qolgan qismini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tezkor tadbirlar davomida jinoiy guruh a’zolari tomonidan Angren shahardagi ko‘prik tagiga yashirib ketilgan 900,3 gramm gashish, yana bir jinoiy guruh a’zosi X.J.ning ijarada yashab kelayotgan xonadonidan esa 328,65 gramm gashish giyohvandlik vositasi hamda ishga aloqador boshqa ashyolar aniqlanib, ashyoviy dalil tariqasida olindi.

Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv davomida aniqlanishicha, yuqoridagi giyohvandlik vositalari qo‘shni davlatdan noqonuniy yo‘llar bilan olib o‘tilganligi hamda qonunga xilof tarzda pullash rejalashtirilganligi aniqlandi.

Ekspertiza xulosasiga ko‘ra tezkor tadbirlar davomida 1 kilogramm 428,68 gramm gashish hamda 4,21 gramm kannabis urug‘i ashyoviy dalil sifatida olindi.

Mazkur holat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

Bundan avval Bektemir postida 36 yoshli Qirg‘iziston fuqarosining yonidan 8,34 gramm ko‘knori boshog‘i, Yuqori Chirchiqdagi cho‘chqaxona bostirmasidan 14 kg marixuana topilgani hamda Buxoroda o‘zi yetishtirgan kannabisni tanishiga 5 million so‘mga sotishga uringan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.