Toshkent shahri Yunusobod tumani 18-mavzedagi daraxtga osilib qolgan cho‘l burguti qutqarildi, deya xabar qilmoqda shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati.

Foto: Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi matbuot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 10-fevral, chorshanba kuni Toshkent shahar Yunusobod tumani 18-mavze 31-ko‘p qavatli uy oldidagi daraxt shoxiga cho‘l burguti uchish vaqtida muvozanatini yo‘qotishi sababli osilib qolganligi aniqlangan.

Davlat inspektorlari zudlik bilan qushni qutqarish choralarini ko‘rish uchun maxsus texnikalarni jalb etdi. O‘rnatilgan maxsus texnika yordamida daraxt shoxiga ilinib qolgan qushni qutqarib, Toshkent hayvonot bog‘i ma’muriyatiga qonuniy tarzda hujjatlashtirgan holda topshirdi.

Foto: Davlat ekologiya qo‘mitasi

Ma’lum qilinishicha, ayni damda cho‘l burgutining holati yaxshi bo‘lib, nazoratga olingan.

Bundan avval Mo‘ynoqda “Sudochye-Akpetki” davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etilgani, Navoiydagi xususiy hayvonot bog‘ida saqlangan hayvonlar reabilitatsiya uchun Toshkentga olib kelingani hamda “Qizil kitob”ga kiritilgan qushlarni ovlagan brakonyer ushlangani haqida xabar berilgandi.