Buxoro bug‘ulari 10 yildan so‘ng yana Toshkent hayvonot bog‘ida paydo bo‘ldi. Ular Zarafshon milliy bog‘idan olib kelingan, deb xabar beradi poytaxt hayvonot bog‘i ma’muriyatiga tayanib “Gazeta.uz”.

Foto: Toshkent hayvonot bog‘i

Romka va Roza laqabli bug‘ular iyun oyida olib kelingan, shundan beri ular yangi joyga moslashib, xodimlarga o‘rganib qolgan.

“Ular juda uyatchan va odamlarga odatlanmagan edi, shuning uchun moslashish sust kechdi”, – dedi hayvonot bog‘i tadqiqotchisi Feruza Mirsolihova.

Tadqiqotchining so‘zlariga ko‘ra, naslchilik guruhini yaratish uchun ko‘proq urg‘ochi bug‘ularni olib kelish rejalashtirilgan.

“Bug‘ular juda keng maydonda yashaydi. Ularning qishki xonasi ham bor. Ishtahalari yaxshi. Ammo ular hali ham juda ehtiyotkor”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Buxoro bug‘ulari – O‘rta Osiyoda to‘qay o‘rmonlarida va suv havzalari bo‘yida yashovchi qizil bug‘ularning noyob turlaridan biri. Ushbu hayvon Xalqaro Qizil kitob va O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan. Hayvonot bog‘i ma’lumotlariga ko‘ra, mintaqada ularning soni so‘nggi 20 yil ichida 400 dan 2700 gacha o‘sgan.