Qashqadaryo viloyatida joylashgan Hisor davlat qo‘riqxonasida Qizil kitobga kiritilgan yana bir qor qoploni qo‘riqxona nazoratchilari va ilmiy bo‘lim xodimlari tomonidan qo‘yilgan yashirin kamera tasmasiga muhrlandi. Bu haqda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi xabar berdi.

Qo‘mita tomonidan e’lon qilingan videodan ko‘rinishicha, qor qoploni kamera tasmasiga 2020-yil 10-fevral kuni muhrlangan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, qor qoploni O‘zbekistonning yuqori qor tizmalarida yashovchi jonivor bo‘lib, sayyora hayvonot olamining kamyob turlaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz,  Hisor davlat qo‘riqxonasida qor qoploni 2020-yilning mart va aprel oylarida ham kamera obyektiviga tushib qolgani haqida xabar berilgandi.

2020-yil yanvar oyining boshlarida O‘zbekistonda avval uchramagan hayvonlar ilk bor kameraga tushirilgani haqida xabar berilgandi. Fevral oyida esa Ustyurtdagi tuzoq kameralar leopardni rasmga olishga muvaffaq bo‘lgandi. Ugom-Chotqol davlat milliy tabiat bog‘ida o‘rganishlar chog‘ida yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan qor qoploni hamda oq tirnoqli Tyan-Shan qo‘ng‘ir ayig‘i fotoqopqonda qayd etilgandi.