Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tumani sudi 3 oylik chaqalog‘ini qiymati 25 ming dollarga teng ikki xonali kvartiraga almashmoqchi bo‘lgan ayolga nisbatan hukm chiqardi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Asli xatirchilik A.I. ishlash maqsadida Navoiy shahriga kelib, ijarada yashab yurgan. 2019-yil yozida bir yigit bilan yaqin munosabatda bo‘lib, undan homilador bo‘lib qolgan. Buni eshitgan otasi uni urib, qishloqda gap-so‘zga qolmaslik uchun bolani oldirib tashlashini talab qilgan. Ammo ayol bolasini oldirtirmagan, o‘zi yashayotgan qishloqqa ham qayta olmagan.

Shaharda ijarada yashaganligi, hech qayerda ishlamagani, moddiy jihatdan qiynalgani bois, xabar berishlaricha, ayol o‘z bolasini sotishga qaror qilgan. Farzandsizlikdan qiynalgan fuqaro bilan tanishib, unga bolasini 25 ming dollarga sotmoqchi ekanini aytgan. “Talabgor” bola uchun shu narxga baholangan ikki xonali uy berishni taklif qilgan.

A.I. Karmana tumani hududida joylashgan “Qosim Shayx” masjidi yonida Navoiy shahridagi xonadonning kadastr hujjatlarini olib, evaziga chaqalog‘ini “xaridor”ga topshirayotgan vaqtida Navoiy viloyat IIB va Karmana tuman IIB xodimlari tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlangan (xabarda voqea aynan qachon bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan).

Jinoyat ishlari bo‘yicha Karmana tuman sudi 1987-yilda tug‘ilgan, hali turmushga chiqmagan A.I.ga nisbatan jinoyat ishi ko‘rib chiqib, uni Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandida (18 yoshga to‘lmaganligi aybdorga ayon bo‘lgan shaxsni olish-sotish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topgan (ushbu modda bo‘yicha aybdorlar kamida sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etiladi).

“Sud ayolning qilmishidan pushaymonda ekanligi, muqaddam sudlanmaganligi, mahalla tomonidan berilgan ijobiy tavsifnoma va kafillik xatini inobatga olib, uni jamiyatdan ajratmagan holda axloqan tuzatish imkoniyati mavjud deb hisoblab, Jinoyat kodeksining 57-moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, ozodlikni cheklash jazosini tayinladi”, — deyiladi agentlik axborotida.

Shuningdek, unga har oyda bir marotaba Xatirchi tumani IIBdan ro‘yxatdan o‘tib turish, nazorat qiluvchi organning roziligisiz yashash joyini o‘zgartirmaslik va Navoiy viloyati hududini tark etmaslik kabi qo‘shimcha cheklashlar yuklatilgan.