Toshkent viloyati Nurafshon shahrida 3 yoshli o‘g‘lini 4 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol va unga mazkur jinoiy ishda sheriklik qilgan qilgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda viloyati IIBB axborot xizmati xabar berdi.

Foto: Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati

Ma’lum qilinishicha, 24-yanvar kuni Toshkent viloyati IIBB Odam savdosi va noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Qo‘qon shahrida yashovchi 1980-yilda tug‘ilgan M.Q. 1978-yilda tug‘ilgan Z.Q. ismli tanishi bilan Nurafshon shahriga kelib, M.Q.ning 2018-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini shartli xaridorga 4 ming dollar evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan.

Olib borilgan dastlabki surishtiruv ishlari davomida M.Q. avval ham shu kabi holatni sodir etib, uchinchi farzandi — 2016-yilda tug‘ilgan o‘g‘lini moddiy manfaat evaziga berib yuborganligi aniqlangan.

Foto: Toshkent viloyati IIBB axborot xizmati

Hozirda mazkur holat yuzasidan Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan fuqarolar M.Q. va Z.Q.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasi (odam savdosi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tadbir so‘ngida 2018-yilda tug‘ilgan bolaning salomatligi ko‘rikdan o‘tkazilib, otasiga qaytarilgan. Suhbat davomida bolaning otasi ayoli M.Q. uni aldab bolasini uydan olib chiqib ketganini, bundan xabari bo‘lmaganini va qattiq taassufda ekanligini bildirgan.

Avvalroq Urganchda tug‘ilmagan bolasini 9 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan er-xotin qo‘lga olingani, Navoiyda bir oylik chaqalog‘ini 3 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan ayolga sud hukmi o‘qilgani, Kattaqo‘rg‘onda 2 yoshli o‘g‘lini 2500 dollarga sotmoqchi bo‘lgan ayol ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.