Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan odam savdosida ayblangan Samarqand viloyati Paxtachi tumanida ro‘yxatda turuvchi 22 yoshli Xolida Shokirovaga (ism-shariflar o‘zgartirilgan) sud hukmi o‘qildi, deb xabar beradi “Hudud24.uz” sayti.

Ma’lum bo‘lishicha, Xolida Shokirovaning uchala farzandi ham nikohsiz tug‘ilgan. Otasi uni uyidan haydab yuborgan. Keyinchalik uning aniq yashash manzili bo‘lmagan. Oldin tug‘ilgan ikki farzandini vasiylik organi orqali boshqa oilalarga berib yuborgan, uchinchi farzandini ham biror oilaga berib yuborishni reja qilgan.

Uning yana farzandli bo‘lganini dugonasi Mashhura Hoshimova eshitib, kasalxonaga uni ko‘rgani kelgan va uni Nodira ismli ayol bilan tanishtirgan. Xolida Shokirova yangi tanishiga kasalxonadan chiqqanidan so‘ng boradigan joyi va bolasini boqish uchun imkoniyati yo‘qligini tushuntirib, boqib oladigan odam chiqsa, 700 dollar evaziga chaqaloqni berib yuborishini, shuningdek, bu pul evaziga o‘zi uchun kiyim va uyali telefon olishini aytgan. Nodira esa faqat 3 million so‘m bera olishini tushuntirib, bolani boqib olish taklifini bildirgan.

Nodira o‘zaro suhbatlarini telefonga yozib olib, Navoiy viloyati IIB boshlig‘iga xat bilan murojaat qilgan.

Xolida dugonasi bilan shahar masjid yonida Nodiraga farzandini berib, evaziga kelishilgan pulni olib bozorga qarab ketadi. Ularni yo‘lda viloyat IIB hamda bojxona boshqarmasi xodimlari hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbir natijasida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga oladi. Xolida Shokirovaga nisbatan Jinoyat kodeksining 135-moddasiga (odam savdosi) binoan jinoyat ishi ochilib, tergov-surishtiruv harakatlari boshlanadi va ish sudga oshiriladi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi raisi Sherzod Mamirovga ko‘ra, sud hay’ati sudlanuvchi Xolida Shokirovaning chin ko‘ngildan pushaymon ekanini inobatga olib, unga nisbatan uch yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.