Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish masalalari bo‘yicha Ukraina Oliy Radasi qo‘mitasi Donetsk viloyati Baxmutsk tumanidagi Novgorod shahar tipidagi posyolkasi nomini Nyu-York deb o‘zgartirish haqida qaror qabul qildi. Bu haqda Ukraina OAVlariga tayanib Meduza xabar bermoqda.
Qaror viloyat ma’muriyatining murojaati asosida qabul qilindi. Unda ta’kidlanishicha, Nyu-York qishloqning tarixiy nomi bo‘lib, posyolka 1951-yilgacha shu nom bilan atalgan.
Qishloq nomini o‘zgartirish to‘g‘risidagi yakuniy qaror Oliy Radada umumiy ovoz berish yo‘li bilan qabul qilinadi.
Nyu-York aholi punktiga mennonitlar (XVI asrda Niderlandiyada vujudga kelgan protestantlik harakati) asos solgan. Rossiyaga ular qirolicha Yekaterina II tomonidan taklif qilingan va ularni joylashtirish uchun hozirgi Sharqiy Ukraina hududidan yer ajratilgan.
Nyu-York nomli qishloq, xususan, sovet yozuvchisi Viktor Nekrasovning “Ona shahrida” (“V rodnom gorode”) dramasida ham tilga olingan.
Hozir Novgorodda 10 mingga yaqin odam yashaydi.
Eslatib o‘tamiz, Ukrainada “Muxolifat platformasi — Hayot uchun” partiyasi raisdoshi Vadim Rabinovich Oliy Rada minbarida turib, prezident Vladimir Zelenskiyga nisbatan impichment jarayoni boshlanishini ma’lum qildi. Rabinovich Vladimir Zelenskiyni Uy-joy va kommunal xizmatlar tariflari, COVID-19’ga qarshi vaksinaning yo‘qligi, tibbiyotning xarobligi va boshqa muammolar haqidagi “haqiqatni odamlarga yetkazayotgan”larning “og‘zini yopish”da aybladi.
Izoh (0)