Myanma Qurolli Kuchlarining zirhli mashinalar bilan kuchaytirilgan bo‘linmalari 2-fevral, seshanba kuni hukumat binolari va boshqa muhim obyektlarni qo‘riqlab, mamlakatdagi eng yirik shahar — Yangondagi xalqaro aeroportni to‘sib qo‘ydi. U yerga olib boriladigan yo‘l qattiq qo‘riqlanmoqda, deb yozadi “TASS” Yaponiyaning NHK telekanaliga tayanib.
Myanmadagi ko‘plab xususiy telekanallar hamon ishlamayapti. Davlat televideniyesi ixtisoslashgan armiya telekanali efirga uzatadigan dasturlarni ko‘rsatmoqda. Yangonda tinch vaziyat saqlanib qolmoqda, ammo aholi maksimal darajada ko‘p naqd pul yechib olishga urinib, bank bo‘limlari oldida navbatga tizildi. Ular, shuningdek, oziq-ovqatlarni ham ortig‘i bilan sotib ola boshladi. NHK ma’lumotlariga ko‘ra, shaharda ba’zi bankomatlar ishlamayapti.
Myanmada harbiy hukumat jami bir necha yuz kishini, shu jumladan, hukmron “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi rahbariyati va faollarini qo‘lga oldi. Ular orasida prezident Vin Myin va sobiq mamlakat yetakchisi, tinchlik bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, davlat maslahatchisi va tashqi ishlar vaziri Aun San Su Chji ham bor. Poytaxt Neypyidoda parlamentning “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasidan chiqqan barcha deputatlari qamoqqa olingan. Bu haqda 2-fevral kuni Yaponiyaning Kyodo agentligi ma’lum qildi. Uning ma’lumotlariga ko‘ra, hukmron partiya rahbarlari oilalarining ko‘plab a’zolari ham qamab qo‘yilgan. Shuningdek, Myanma milliy ozchiligiga vakillik qiladigan partiyalardan chiqqan parlament deputatlari, harbiylarni tanqid qilgan ba’zi jamoat arboblari ham hibsga olingan.
Aun San Su Chji, Kyodo ma’lumotlari bo‘yicha, uy qamog‘ida saqlanmoqda. NHK telekanali esa mamlakat sobiq yetakchisining joylashgan joyi noma’lumligini qayd etmoqda.
1-fevral kuni armiya hukumatning “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasiga aloqador va lavozimlaridan chetlatilgan a’zolari o‘rniga 11 nafar yangi vazirlar tayinlanganini e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, Myanma Qurolli Kuchlari mamlakatda favqulodda holat e’lon qilib, hokimiyatni Qurolli Kuchlar qo‘mondoni Min Aun Xlainuga topshirdi. Bundan oldin esa hukmron “Demokratiya uchun milliy liga” partiyasi vakili hukumat rahbari Aun San Su Chji qo‘lga olinganini ma’lum qildi.
Shundan keyin Myanmada aloqa bo‘yicha uzilishlar yuz berdi, hukumat televideniyesi va radio o‘z efirlarini to‘xtatdi. Harbiylar yangi parlament saylovlari o‘tkazilishini e’lon qildi.
Mavzuga doir:
- Myanmada harbiylar hokimiyatni egallab oldi va bir yilga favqulodda holat e’lon qildi
- Myanma harbiylari yangi saylovlar o‘tkazish rejasini e’lon qildi
- BMT bosh kotibi Myanma rahbariyatining qo‘lga olinishini qoraladi
- AQSh va Avstraliya hukumatlari Myanma harbiylarini qo‘lga olingan mansabdorlarni ozod etishga chaqirdi
- AQSh Myanmadagi to‘ntarish tufayli unga qarshi sanksiyalarni qaytadan kiritishi mumkin