Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on mamlakatning yangi konstitutsiyasini yaratish borasida muhokamalarni boshlash zaruriyati haqida gapirdi. Bu haqda davlat rahbari Turkiya hukumati majlisi yakunlari bo‘yicha aytib o‘tdi, deb yozadi “RBK”.
“Balki, Turkiyada yana yangi konstitutsiyani muhokama qilish payti kelgandir. Biz bunga yaqin orada kirishishimiz mumkin”, — dedi u.
Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, “bu jarayon shaffof tarzda amalga oshirilishi kerak”. “Yakuniy matn xalq hukmiga havola qilinishi kerak”, — deya ta’kidladi Erdo‘g‘on.
Turkiya yetakchisining ma’lum qilishicha, tez orada hukumat jamoatchilik bilan islohotlarning yangi paketi haqidagi ma’lumot bilan bo‘lishadi, u yerda, xususan, maqsadlar va vazifalar tavsiflanadi. “Agar biz bu mavzuda Xalq alyansi (hukmron partiya) bilan kelishuvga erishsak, unda eng yaqin orada yangi konstitutsiya ustida ishlashga kirishamiz, parlamentda qonunchilikka nisbatan, prezident ma’muriyatida esa ma’muriy funksiyalarga nisbatan qadamlar tashlashni boshlaymiz”, — deya aniqlik kiritdi Erdo‘g‘on.
2017-yilda Turkiyada konstitutsiya bo‘yicha referendum bo‘lib o‘tdi. Bundan bir necha oy avval parlament Erdo‘g‘on tomonidan taklif qilingan konstitutsiyaga kiritiladigan 18 ta tuzatishdan iborat paketni ma’qullagan edi. Xususan, u bosh vazir lavozimini qisqartirishni, shuningdek, prezidentga vazirlarni shaxsan tayinlash, budjetni taqdim etish, oliy sudlar ko‘pchilik sudyalari nomzodlarini ilgari surish va qonun maqomiga ega bo‘ladigan farmonlarni chiqarish huquqini berishni taklif qilgan edi. Bundan tashqari, Erdo‘g‘on prezidentga favqulodda holat e’lon qilish va parlamentni tarqatib yuborish imkoniyatini berishni ham taklif qilgan.
Yakunda mamlakat aholisining 50 foizdan sal ko‘prog‘i konstitutsiyaga tuzatishlar kiritilishini yoqlab ovoz berdi (Bursadan tashqari yirik shaharlar aholisining aksariyati qarshi ovoz bergan). Shu tariqa, Turkiya boshqaruvi parlament shaklidan prezidentlik shakliga o‘tdi. Erdo‘g‘on konstitutsiyani isloh qilish mamlakat xavfsizligini mustahkamlash, ayniqsa, 2016-yil yozidagi amalga oshmagan davlat to‘ntarishidan keyin, zarurligini aytgan edi. Yangi tizim, degan edi u, Fransiya va AQShnikiga o‘xshash bo‘lib, “ag‘dar-to‘ntarlar davrida xotirjamlik” keltiradi.