Tojikistonda 2020-yilda vafot etganlar soni 2019-yilga nisbatan 8,6 mingga ko‘paygan. Bu haqda Tojikiston Adliya vazirligi FHDYo bo‘limi boshlig‘i Saodat Sirojzodaga tayanib, “Sputniknews.ru” xabar qildi.
Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Tojikistonda 2020-yilda 41 693 ta, 2019-yilda esa 33 050 ta o‘lim holati qayd etilgan. O‘sish taxminan 13,7 foizni tashkil etgan.
FHDYo rahbarining so‘zlariga ko‘ra, o‘limlarning aksariyati yurak xastaligi tufayli yuz bergan. Bundan tashqari, Sirojzoda koronavirus pandemiyasi 2020-yilda o‘lim darajasiga sezilarli ta’sir ko‘rsatganini ta’kidladi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 2020-yil 30-apreldan dekabrgacha koronavirusdan 90 kishi vafot etgan, shu jumladan, 11 nafar mahkum qamoq jazosini ijro etish muassasalarida pnevmoniyadan vafot etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, Tojikistonda tug‘ilish koeffitsiyenti bir yil avvalgi darajasida saqlanib qolgan. 2020-yilda FHDYo organlarida 239,9 mingdan ortiq yangi tug‘ilgan chaqaloq qayd etilgan.
Avvalroq Emomali Rahmon Tojikiston koronavirus ustidan g‘alaba qozonganini ma’lum qilgani hamda O‘zbekiston Tojikistonning janubida COVID-19 bilan kasallanganlarni qabul qilish markazini qurishi haqida xabar berilgandi.