Italiyada koronavirusga qarshi emlash rejasi tahdid ostida: mamlakatda vaksina ta’minoti bilan bog‘liq jiddiy muammolar mavjud. Bu haqda COVID-19 bo‘yicha favqulodda vaziyatlar komissari Domeniko Arkuri ma’lum qildi, deb xabar qildi “Lenta.ru”.
Unga ko‘ra, mamlakatda yetkazib berilgan vaksinalar soni ilgari rejalashtirilganidan 60 foizga kam.
“Biz emlash rejasini Italiyaga 28,6 million dozali vaksinani yetkazib berishni o‘z ichiga olgan sxema bo‘yicha boshlagan edik. Endi biz 11,2 million dozani yetkazib beradigan sxema bo‘yicha ishlayapmiz”, – deya tushuntirdi Arkuri.
Ma’lumot uchun, yanvar oyining so‘nggi haftalarida Amerikaning Pfizer kompaniyasi Italiyaga vaksina yetkazib berishni avvaliga 29 foizga, keyin esa 20 foizga qisqartirdi. Mamlakatda AstraZeneca vaksinasi bilan ham muammolar bo‘lgan. Unga ko‘ra ushbu vaksina 55 yoshdan kattalar uchun tavsiya qilinmaydi.
So‘nggi haftalarda Yevropa Ittifoqi koronavirusga qarshi vaksinalarni yetkazib berishda bir qator muammolarga duch keldi. 15-yanvar kuni Pfizer farmatsevtika kompaniyasi ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish tufayli Yevropa mamlakatlariga vaksina yetkazib berishni qisqartirish to‘g‘risida qaror qabul qilganligini e’lon qildi.
Keyin 23-yanvar kuni Bild gazetasi AstraZeneca o‘z vaksinasining kutilgan miqdordagi dozasini Yevropa mamlakatlariga yetkazib bera olmasligini xabar qildi. Ta’minot uzilishining sabablaridan biri sifatida Hindistonning Pune shahrida qurilayotgan vaksina zavodida yong‘in chiqqani ko‘rsatilgan.
Jumladan, Vengriya Yevropa Ittifoqi dasturi bo‘yicha vaksina juda sekin kelayotganidan shikoyat qilgan. Ta’kidlanishicha mamlakatga haftada 100 ming dozadan ham kam vaksina olib kelinmoqda. Shuning uchun Vengriya qo‘shimcha ravishda Rossiya va Xitoy vaksinalarini sotib olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan.
Bundan tashqari, Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan COVID-19 koronavirusiga qarshi vaksina yetishmasligi sababli mamlakat qiyin davrga duch kelishi haqida aytdi.
Yevrokomissiyaning sog‘liqni saqlash bo‘yicha a’zosi Stella Kiriakidis AstraZeneca kompaniyasiga COVID-19 vaksinasini yetkazib berish jarayoniga o‘zgartirish kiritgani uchun aniqlik kiritishni so‘rab xat yubordi. Ta’kidlanishicha, kompaniya Yevropa Ittifoqiga dastlab kelishilganidan ancha kam dozalarni yuborgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari Yevropa Ittifoqi ushbu kompaniya vaksinani yaratishi va uni ishlab chiqarishini moliyalashtirib, ularni tez yetkazib berish uchun oldindan buyurtmalar bergan. Endi rasmiy Bryussel “shartnomaning to‘liq bajarilishini” xohlamoqda.
Yevropa Ittifoqi ilgari imzolangan kelishuvga muvofiq, 2021-yilning birinchi choragida 100 million dozada vaksina olishi kerak. Ammo Ittifoq ishlab chiqarish masalalari sababli buyurtmani yarmini oladi, degan qo‘rquv bor.