O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi 30-yanvar kuni mamlakatda ilk bor koronavirusning yangi shtammi aniqlangani haqida xabar berdi. Yangi shtamm Dubaydan 23-yanvar kuni mamlakatga qaytgan oilaning 10 yashar farzandida aniqlangan.

Ijtimoiy tarmoqlarda nega yangi shtamm aniqlangani oilaning mamlakatga kelganidan 1 hafta o‘tgach e’lon qilingani yuzasidan savollar paydo bo‘lgan. Shu yuzasidan huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot kotibi Furqat Sanayev bilan bog‘langan.

Matbuot kotibining ta’kidlashicha, oila Dubaydan 23-yanvarda kelishi bilan qoida bo‘yicha ulardan ekspress test olingan. Test natijasida 10 yoshli qizda koronavirus aniqlangan va qizaloq tez tibbiy yordam mashinasida shifoxonaga olib ketilgan.

Test tahlili Innovatsion vazirlikka jo‘natilgan. Vazirlikdagi Ilg‘or texnologiyalar markazida “britancha” shtammni aniqlash bo‘yicha ikki bosqichda test o‘tkazilgan.

Birinchi bosqichda ayrim mutatsiyaga uchragan belgilari chiqqan. Ikkinchi bosqichda “britancha” shtamm aniqlangan.

Furqat Sanayev bu koronavirusning yangicha turi bo‘lgani uchun darhol aniq bo‘lmasligini, buni bir necha bosqichli o‘ziga xos tekshiruvlardan o‘tkazib, keyin “britancha” shtamm ekaniga xulosa berilishini ta’kidlagan.

Ayni shu xulosa 1 hafta o‘tgandan keyin, ya’ni 30-yanvar kuni olingan. Ungacha bemor maxsus nazoratda bo‘lgan.

Ma’lum qilinishicha bemorning ahvoli yaxshi. Uning oila a’zolarida esa virus aniqlanmagan. Ularga uy sharoitida izolyatsiyaga ruxsat berilgan.

Eslatib o‘tamiz, Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi turi aniqlangani, shu tufayli mamlakatning ayrim hududlarida kasallik tarqalish sur’ati tezlashgani haqida 14-dekabr kuni mahalliy Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Mettyu Xenkok ma’lum qildi. Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas. Ushbu shtamm 60 ga yaqin davlatda aniqlangan.

Mutaxassislar koronavirusning yangi shtammi bolalar uchun xavfli bo‘lishi mumkinligini va uning bolalardagi 5 ta alomatini ma’lum qilgan.

Avvalroq O‘zbekistonlik olimlar koronavirusning “britancha” shtammini aniqlovchi test tizimi ustida ish olib borilayotgani xabar berilgan.