Qo‘shma Shtatlardagi koronavirusga qarshi emlash dasturi kutilgandek natijani bermadi. Bu haqda 26-yanvar, seshanba kuni Oq uydagi brifingda prezident Jo Bayden ma’lum qildi, deb yozmoqda “RBK”.
Bayden shifokorlar, olimlar hamda COVID-19 uchun dori-darmon ishlab chiqish va dasturni ishga tushirishda ishtirok etgan Tramp ma’muriyatining xizmatlarini tan oldi. “Biroq emlash dasturi kutilganidan ko‘ra yomonroq bo‘lganini aniqladik”, — dedi Bayden.
Shu munosabat bilan AQSh yaqin kelajakda Moderna va Pfizer kompaniyalaridan yana 100 million dozadan vaksina sotib olishi kutilmoqda.
“Biz ushbu 200 million dozadan iborat qo‘shimcha partiyalar yozda yetkazib berilishini kutmoqdamiz”, — deya prezident uning ma’muriyati ishlab chiqaruvchilarga so‘rov yuborganini ta’kidladi.
Bundan tashqari, Oq uy emlash dasturini tahlil qilib, shtatlarga dori-darmon yetkazib berishni ko‘paytirishga qaror qildi. “Biz shtat va hududlar o‘rtasida taqsimlanadigan dori-darmon miqdorini, taxminan, 15 foizga oshiramiz — haftasiga 8,6 milliondan 10 million dozaga oshadi”, — dedi davlat rahbari.
Bayden mamlakat aholisining aksariyatiga vaksina olish uchun bir necha oy vaqt kerakligini amerikaliklar anglab yetishi lozim, deya ta’kidladi. “Yaqin oylarda vaksinatsiya emas, balki niqoblar koronavirusga qarshi eng ishonchli himoya bo‘ladi. Mutaxassislar niqoblarning aprel oyiga qadar 50 ming kishining hayotini saqlab qolishi mumkinligini hisoblab chiqdi ”, — dedi prezident. Shuningdek, davlat rahbari ushbu davrda pandemiya bilan bog‘liq vaziyat yanada og‘irlashishi mumkinligini, ehtimol, fevral oyining oxiriga kelib Qo‘shma Shtatlarda o‘limlar soni yarim millionga ko‘tarilishini aytdi.
Avvalroq AQShda koronavirusga qarshi emlanganlar soni qariyb 10 million kishiga yetgani hamda COVID-19’ga qarshi vaksina olgan kishi bir necha soat o‘tib, vafot etgani yuzasidan tergov boshlangani haqida xabar qilingandi.
Eslatib o‘tamiz, Tramp AQShda COVID-19 bilan bog‘liq ahvol haqidagi ma’lumotlarni “haddan tashqari bo‘rttirilgan” deb atagan. Bayden esa prezidentlikning birinchi kuniyoq Trampning eng bahsli farmonlarini bekor qilgan.
Izoh (0)