Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod hamda G‘uzor tumani hokimlari 10 kunlik mehnat ta’tili va davolanish vaqtida badiiy kitoblar o‘qishga ham vaqt topayotganini aytdi.

Bu haqda hokimlar “Daryo” muxbiri bilan onlayn muloqotida ma’lum qildi.

“Ertalab bemalol soat 7:00 da uyg‘onyapmiz. Nonushta qilib, soat 15:00 ga qadar tibbiy ko‘rik xulosalariga ko‘ra davolanyapmiz. Soat 16:00 dan keyin esa kino ko‘rishga, teatr tomosha qilishga va badiiy kitoblar o‘qishga ham vaqt topyapmiz”, — deydi Dehqonobod tumani hokimi Zoir Aliqulov.

Hokim Zoir Aliqulovning aytishicha, ularning nafaqat ko‘ngildagidek davolanishi, balki ta’tilni mazmunli o‘tkazishi uchun ham barcha shart-sharoit yaratilgan.

“O‘tgan vaqt davomida 4 ta badiiy kitob ham o‘qishga ulgurdim. Bular — Azamat Qorjovovning ‘So‘nggi gunoh’, ‘Baxtiqaro ma’shuqa’, Hasan Azizning esa ‘Oqsoq qashqir izidan’, deb nomlangan kitobining 1- va 2-tomini ham o‘qib chiqdim”, — deydi Dehqonobod tumani hokimi.

G‘uzor tumani hokimi Bekzod Suyunovning aytishicha, hokimlarning 10 kunlik mehnat ta’tiliga chiqishi va salomatligini tiklash uchun davolanishi ayni muddao bo‘lgan.

“Koronavirus pandemiyasi davridagi yo‘qotishlarimiz rahbarlar uchun ham salomatlik va jismoniy chiniqish naqadar ahamiyatli ekanligini ko‘rsatdi. Kasallik avj olgan paytda haftasiga uch-to‘rt marotaba tuman markazidagi taqsimlash markazida bo‘lib, bemorlar holidan xabar oldik. Shu boisdanmi kasallik yuqtirib olib, davolanib ham chiqdim. O‘ylashimcha, hokimlarning davolanishi va 10 kun muddatga hordiq chiqarishiga imkon berilishi ayni shu vaziyatdan kelib chiqqan holda amalga oshirilmoqda. Rahbar sog‘lom va salomatligi joyida bo‘lsa, ishda ham natija bo‘ladi”, — dedi G‘uzor tumani hokimi Bekzod Suyunov.

Hokimlarning ta’kidlashicha, o‘tayotgan fursat davomida ular davolanish va hordiq chiqarishdan tashqari o‘zaro suhbatlashish va tajriba almashish uchun ham vaqt va imkon topmoqda.

“Biz hokimlarning ta’tilga chiqib, hatto davolanishga yuborilganimiz, to‘g‘risi, judayam quvonarli. Buning uchun, albatta, davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, Prezidentimizning sog‘lig‘imiz uchun qayg‘urishlarini xalq sog‘lig‘i uchun qayg‘urish deb hisoblab, ishga qaytganimizda ishimizni aholi salomatligini tiklash bilan boshlaymiz”, — deydi G‘uzor tumani hokimi Bekzod Suyunov.

Ma’lumot berilishicha, Qashqadaryo, Xorazm, Navoiy, Farg‘ona, Namangan viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi mavjud tuman va shahar hokimlari bir joyda davolanmoqda.