1976-yil 15-yanvar kuni AQSh prezidenti Jerald Fordni o‘ldirishga uringani uchun Sara Jeyn Mur umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi. U 1975-yil sentabr oyida San-Fransiskodagi Saint Francis mehmonxonasidan chiqib ketayotgan prezidentga qarata o‘q uzdi. “Daryo” ushbu voqea haqida hikoya qiladi.
Zo‘raki prezident
AQShda 1974-yili “Uotergeyt” mojarosi natijasida amaldagi prezident Richard Niksonga nisbatan impichment e’lon qilindi, hokimiyat esa, qonunga muvofiq, Jerald Fordning qo‘liga o‘tdi.Aslida, Jerald oddiy “tayinlanuvchi prezident” edi va agar Respublikachilar partiyasi tepasida bir qator mojarolar yuz bermaganida, Ford umuman prezident bo‘la olmasdi, chunki u siyosiy vaznga ega bo‘lmagan siyosatchi edi. Zamondoshlarining fikriga ko‘ra, Ford “Uotergeyt” ishidagi sharmandalik va u bilan bog‘liq shov-shuvlarni juda og‘riqli o‘tkazgan. Ushbu ish natijasida respublikachilar obro‘siga yetkazilgan dahshatli zararlarni turli yo‘llar bilan neytrallashtirishga urindi va prezidentlikka kirishganida: “Bizning uzoq muddatli milliy dahshatlarimiz tugadi” deb e’lon qildi.
Prezident yomon emasdi...
O‘ziga o‘ta qattiq ishonib, buning ortidan pand yegan Richard Niksondan keyin hokimiyatga kelgan Jerald Ford o‘zini juda ehtiyotkor tutdi: u AQSH harbiy qo‘shinlarini Vetnamdan olib chiqib ketishni davom ettirdi, tinchlantirish siyosatiga sodiq qoldi va Sovet Ittifoqi bilan yaxshi aloqalar o‘rnatdi, mashhur Xelsinki shartnomalarini imzoladi va shaxsan Leonid Brejnev bilan ham uchrashdi.Ya’ni, 38-prezident na ichki va na tashqi siyosatda xalqqa yoqmaydigan hech qanday qarorlarni qabul qilmagan. Shunga qaramay Fordning joniga suiqasd uyushtirildi.
Ikki tomonlama josus
Sara Jeyn Mur 1975-yilda 45 yoshga to‘ldi va shu vaqtga qadar boshidan bir muncha voqealarni o‘tkazgan, yumshoqroq qilib aytganda, hayoti uncha yaxshi emasdi. Beshta er bilan ajrashish, to‘rtta bola va zerikarli buxgalterlik ishi... Bolalari buvisi va buvasi bilan birga yashar edilar. Bir necha yillar davomida Sara qaysidir ma’noda jamiyat tomonidan tan olinishga harakat qilib yashadi va shu munosabat bilan “so‘lchilar” ning turli uchrashuvlarida faol qatnashishni boshladi.Shu ketishida, ehtimol, Sara Mur yangi siyosiy muhitda o‘z o‘rnini topa olardi, ammo keyinchalik unga Federal qidiruv byurosi aloqaga chiqdi va uni o‘z “qulog‘iga” aylantirdi. Ular: “siz vijdonli Amerika fuqarosisiz, bu la’nati kommunistlar o‘zlarining sevimli Vataniga qarshi qandaydir iflosliklarni qilishlari mumkin, shuning uchun bizni guruhdagi voqealardan ogoh qilib turasiz” - deyishdi.
Mur yangi siyosiy qarashlarga tobora ko‘proq singib ketish bilan birga federallarga batafsil hisobotlarni yozishni ham kanda qilmadi. Saraning yangi kumiri - media magnatning qizi, avval so‘lchi radikallar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan va keyin o‘z xohishi bilan ularga qo‘shilgan Patrisiya Xyorst edi. Ikki tomonlama agent bo‘lish hayoti Saraga yoqardi, ammo romantik buxgalterning uzun tili o‘z boshiga yetdi: u o‘zining so‘lchi o‘rtoqlariga FQB bilan hamkorlik qilishini aytdi. Natijada, FQB ham, so‘lchilar ham undan yuz o‘girishdi.
O‘zini ko‘rsatgisi kelgan ayol
Buning natijasida, u qattiq tushkunlikka tushib qoldi, ammo bir necha oy davom etgan depressiyadan keyin Mur huquqni muhofaza qilish idoralari bilan hamkorlikni davom ettirishga qaror qildi. Endi u alkogol, tamaki va o‘qotar qurollarni nazorat qilish byurosi bo‘lmish BATF bilan hamkorlik qila boshladi.Bu orada, Mur prezidentga qarshi suiqasd qilishga tayyorlana boshladi, ammo 1975-yil 21-sentyabrda uning uyini politsiya bosdi. Saraning uyidan ro‘yxatdan o‘tmagan Charter Arms revolveri va unga mo‘ljallangan 113 dona patron topildi.
Tabiiyki, uning sevimli o‘yinchog‘i politsiya tomonidan musodara qilindi, ammo bu Sarani to‘xtata olmadi. Xuddi shu kuni u qurol do‘koniga borib, 145 dollarga Smith & Wesson Model 60 revolverini sotib oldi.
Model 60 dunyodagi birinchi zanglamaydigan po‘latdan yasalgan revolver bo‘lib, qurolga qiziquvchilar orasida juda qadrlanardi. Sara qurollarni yaxshi tushunardi, otishi ham chakki emasdi, chunki u yoshligida ayollar armiyasi korpusida xizmat qilishga muvaffaq bo‘lgan. Shunday qilib, yangi “qurol” ga ega bo‘lgan Sara Mur 22-sentyabr kuni prezident Fordni o‘ldirish maqsadi bilan yo‘lga chiqdi.
Suiqasd
Kaliforniya poytaxti Sakramento shahri, soat 15:30, uch ming kishilik olomon navbatdagi siyosiy tadbirga yig‘ilgan. Prezidentga yaqinlashishning umuman iloji yo‘q edi - Sara 12 metr masofadan turib o‘q uzdi. O‘q prezident Fordning boshi yonidan, taxminan 15 santimetr balandroqdan o‘tib ketdi.Sara yana o‘q otishga urindi, ammo uning yonida 33 yoshli sobiq dengiz piyodasi, Vyetnam urushi faxriysi Oliver Sippl paydo bo‘ldi, u ayolni ushlab yerga yiqitdi. Yerga yotib qolgan Sara uzgan ikkinchi o‘qdan, shunchaki prezidentni ko‘rishga kelgan 42 yoshli taksi haydovchisi yaralandi. Shu zahoti prezident qo‘riqchilari yugurib kelib vaziyatni o‘z nazoratlariga olishdi.
Qahramonlarning keyingi hayoti
Sara Jeyn Mur 2008-yil 1-yanvarda ozod qilingan. Sara xonim hali ham tirik (91 yoshda) va u AQSH prezidentlariga suiqasd qilgan odamlar ichida eng ko‘p umr ko‘rgani hisoblanadi. Eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra u 2019 yilda shartli ozodlikka chiqish qoidalarini buzganlik uchun yana hibsga olingan.Jerald Rudolf Fordning hayoti esa prezidentlik muddati tugaguncha osoyishta kechdi, u keyingi saylovlarda ishtirok etishga harakat qildi, ammo o‘z o‘rnini bo‘lajak prezident Jimmi Karterga boy berdi. Biroq, u baribir AQSHning qurol savdosi tarixida o‘z izini qoldirgan: masalan Kaliforniya shtati aholisi o‘shandan beri qurol sotib olish uchun pul to‘lagach, yana 15 kun kutishga majbur - faqat shu muddat o‘tgachgina qurolni olishlari mumkin. Ford 2006-yil 26-dekabrda 93 yoshida ateroskleroz kasalligidan vafot etdi. U Qo‘shma Shtatlar tarixidagi eng uzoq umr ko‘rgan prezident bo‘lib tarixga kirdi.
Qizig‘i shundaki, ushbu voqea prezident Fordga nisbatan uyushtirilgan birinchi suiqasd emasdi. Unga qarshi 1975-yilda mashhur Charlz Menson to‘dasining a’zosi, yana ayol kishi, Linett Fromm ham suiqasd uyushtirgan. Ammo bu endi umuman boshqa hikoya...
Nurbek Alimov tayyorladi.
Izoh (0)