Chernobil fojiasidan buyon 30 yildan ziyod vaqt o‘tdi, lekin uning oqibatlari hanuz sezilmoqda. Ekotizim va odamzotga ta’siridan tashqari ushbu falokatning yana bir jiddiy aks-sadosi mavjud. U ham bo‘lsa, endilikda odamlar atom energetikasi va u bilan bog‘liq bo‘lgan radiatsiya xavfidan qattiq qo‘rqib qolganidir. Chernobil fojiasidan buyon radiatsion xavfsizlik borasida qanday o‘zgarishlar ro‘y berdi? Qanday nurlanish dozalari xatarli va umuman, AES yaqinida yashash mumkinmi? “Daryo” ushbu savollar yuzasidan “Postnauka.ru” nashrida e’lon qilingan maqolani tarjima tariqasida taqdim etadi.
Radiatsiya xatarli ekanini odamlar qachon angladi?
1895-yilda Vilgelm Konrad Rentgen rentgen nurlarini kashf etdi va bu darhol tibbiyotda qo‘llanila boshladi. Oradan bir yil o‘tiboq, Anri Bekkerel uran tuzlaridagi tabiiy radioaktivlikni ochdi. Shu paytdan boshlab, radiatsiya hodisasi yuzasidan faol tadqiqotlar boshlab yuborildi. Bir necha yil o‘tib, Pyer va Mariya Kyurilar radiyni kashf qildi va shu bilan birga, uning shifobaxsh xossalarini ham aniqlashdi.Ya’ni to‘qimalarning tiklanish jarayonini tezlatar ekan. Radiyni odamlar xuddi “hayot eliksiri” deb qabul qila boshladi. Radiyli kremlar, lab bo‘yoqlari va hatto, radiyli tish pastalari ham paydo bo‘ldi. Suv, non va turli hapdorilarga ham radiy qo‘shila boshladi. Jamiyatdagi bunday “radiy eyforiyasi” bir necha o‘n yil davom etdi.
Vaqt-vaqti bilan radiatsiyaning nojo‘ya ta’sirlari haqidagi xabarlar yuzaga chiqa boshladi. Masalan, 1920-yillarda soat ishlab chiqaruvchi bir korxonada ishlagan qizlar, soat ko‘rsatkichlarini tunda ham ko‘rinadigan qilish uchun uning sirtiga radiyli bo‘yoq surtish bilan shug‘ullandi. Ular o‘z tirnoqlarini bo‘yash uchun ham shu bo‘yoqdan foydalanib turdi.
Tirnoq bo‘yamaganlari ham qo‘li bilan cho‘tka uchini to‘g‘rilashga uringani uchun ushbu bo‘yoqqa qo‘l tekkizgan edi. Oradan ma’lum muddat o‘tib, o‘sha qizlarda og‘iz bo‘shlig‘idagi turli kasalliklar yuzaga kela boshladi. Qizlar kompaniyani sudga berdi. Hozirda ular “radiyli qizlar” nomi bilan tarixga kirdi.
Yana bir holat amerikalik golf ustasi Eben Bayers bilan yuz berdi. U o‘z salomatligi haqida qayg‘urib, kuniga uch qadoq radiyli suv ichdi. Bir necha yil o‘tib, sportchi radiyli zaharlanishdan o‘ldi. 1923-yilga kelib, 120 nafar rentgenolog vrachning nurlanishdan o‘limi qayd etilgan edi, chunki ular ishlagan rentgen apparatlari nurlanishdan yaxshi himoya qilmasdi. O‘sha paytlardayoq mutaxassislarga radiatsiyaning xavfli bo‘lishi mumkinligi ma’lum bo‘lgan edi.
1928-yilga kelib, rentgen nurlanishlari va radiydan himoya qilish bo‘yicha xalqaro qo‘mita tashkil qilindi. Qo‘mita radiatsiyaning xatar darajalarini aniqladi va uning nojo‘ya ta’sirlaridan himoyalanish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqdi. Bu tashkilot hozirda ham mavjud bo‘lib, u “Radiologik himoya bo‘yicha xalqaro hay’at” (RHXH) deb nomlandi.
Lekin bu paytgacha ham jamiyatda radiyning “sehrli” ta’siri haqidagi illuziya saqlanib qolayotgan edi. Jamiyatdagi bunday qarashlar faqat 1950-yillar o‘rtalariga kelib o‘zgara boshladi. 1945-yil avgustida AQSh harbiylari Yaponiyaning Xirosima va Nagasaki shaharlariga atom bombalari tashladi. To‘rt yil o‘tib esa SSSRda ham atom bombasining sinovlari o‘tkazildi. Boshqa mamlakatlar ham yadro quroliga ega bo‘lish uchun intila boshladi va havo, yer va suvdagi yadro sinovlari soni orta boshladi.
Butunlay yo‘q bo‘lib ketish xatari qarshisida jahon hamjamiyati yadroviy quroldan voz kechish g‘oyasini o‘rtaga tashladi. 1950-yillarning ikkinchi yarmida shakllangan xalqaro antiyadroviy harakat atom energiyasidan harbiy maqsadlarda foydalanishni butunlay taqiqlash g‘oyasini targ‘ib qila boshladi. 1960-yillar oxirlariga kelib esa shu kabi antiyadro harakatlaridan ko‘pchiligi nafaqat harbiy maqsadlarda, balki tinch maqsadlar uchun ham atomdan foydalanishga qarshi chiqishni boshladi. 1986-yilda sodir bo‘lgan Chernobil avariyasi vaziyatni battar yomonlashtirdi.
Antiyadro harakati hozirda ham mavjud. Shunga qaramay, jahon bo‘ylab atom energetikasi hajmi o‘sib boryapti. MAGATE ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yilda dunyo bo‘yicha 443 ta reaktor elektr energiyasi olish maqsadida ishlab turgan va yana 54 ta reaktor qurilish bosqichida bo‘lgan edi. Shu sababli ham atomdan tinch maqsadda foydalanish borasidagi xavfsizlik masalalari hozirda ham dolzarbdir.
Radiatsiya odamga nimasi bilan xavfli?
Radiatsiyaning ixtiro qilinmagan, balki kashf etilganini yodda tutmoq muhimdir. Radiatsiya bu – tabiiy hodisa. Radiatsiyaning tabiiy manbalari yer qobig‘ida (uran, radiy, toriy), havoda (radon) va boshqa atrof-muhit obyektlarida tarqalgan radioaktiv elementlar hisoblanadi. Shuningdek, kosmik nurlanishlar ham radiatsiya manbasi bo‘ladi. Tabiiy radioaktiv elementlar, masalan, kaliy har qanday tirik to‘qimalar tarkibida, jumladan, odam organizmida ham mavjud bo‘ladi.Tabiiy radiatsiya odam uchun tabiiy va hatto zaruriy hamdir. Lekin nurlanish dozasining sezilarli ortishi bilan vaziyat o‘zgardi. Paratselsning “Hamma narsa zahar va hamma narsa dori hamdir, hammasini doza hal qiladi”, degan gapi bizni o‘rab turgan barcha omillar singari radiatsiya uchun ham taalluqlidir. Masalan, tabiiy radioaktiv gaz bo‘lmish radon allaqachondan beri sanatoriya-kurort davolash ishlarida muvaffaqiyat bilan qo‘llanilmoqda. Shu bilan birga, vrachlar radonning xatarli konsentratsiyasi yig‘ilib qolmasligi uchun yashash xonalarini tez-tez shamollatib turishni tavsiya qiladi.
Radiatsiya ta’sirida tirik organizm hujayralaridagi muhim biologik atom va molekulalarning, jumladan, DNKning ionlashuvi sodir bo‘ladi. Bundan yuzaga keladigan zararlanishlarning ma’lum miqdorgacha bo‘lgan darajasini hujayralarning o‘zi bartaraf qila oladi. Doza oshib ketsa, zararlanishni bartaraf qilishning imkoni bo‘lmay qoladi va hujayra nobud bo‘ladi yoki mutatsiyaga yo‘liqadi.
Zararlangan hujayra muayyan (kam) ehtimollik bilan, organizmdagi mavjud boshqa “xavfsizlik to‘siqlaridan” oshib o‘tib, saraton kasalligi rivojlanishiga yo‘l ochib berishi mumkin. Dozaning yanada oshib borishi bilan zararlangan hujayralar soni ham shu darajada ko‘payib boradiki, organizm bu bilan kurasha olmay qoladi va o‘tkir nurlanish xastaligining belgilari yuzaga chiqishni boshlaydi. Yengil va o‘rta darajadagi nurlanish kasalligida odamni davolab olsa bo‘ladi. O‘g‘ir ko‘rinishdagi nurlanish kasalligi odatda o‘lim bilan tugaydi. Doza diapazonlari chegaralarini eslab qolish juda oson. Bu – o‘ndan bir, bir va o‘n zivert bo‘ladi:
<0,1 zivert – nojo‘ya ta’sirlar aniqlanmaydi;
>1 zivert – nurlanish kasalligining yengil shakli;
>10 zivert – nurlanish kasalligining o‘ta og‘ir shakli.
Chernobildagi nurlanish qay darajada xavfli bo‘lgan?
Chernobil avariyasi 1986-yilning 26-aprelida sodir bo‘ldi va atom elektrostansiyalari tarixidagi eng yirik fojea sanaladi. Chernobil AESdan 30 km radiusdagi masofalarda ham radiatsiya darajasi ortib ketdi. Albatta, bunday miqyosdagi avariyaning juda ko‘p salbiy oqibatlari bo‘ldi, lekin ulardan ma’lum qismi radiatsiya omili bilan bog‘liq xolos. Jamiyat uchun, ayniqsa, ijtimoiy-psixologik oqibatlar og‘ir bo‘ldi. Bu ko‘p yillik kompleks tadqiqotlar xulosasidir.Bu xulosa BMTning atom radiatsiyasining ta’siri bo‘yicha Ilmiy qo‘mitasi hamda Xalqaro Chernobil forumi materiallarida qayd etildi. Radiatsiyaning yuqori va o‘ta yuqori darajalari avariya epitsentrida va unga yaqin bo‘lgan joylarda kuzatildi. 27-aprelda taxminan 116 ming nafardan iborat aholi u yerdan ko‘chirib olib ketildi. Keyingi oylar mobaynida esa hududdan yana 234 ming odam ko‘chirildi. Avariya sodir bo‘lgan reaktor yaqinida ishlagan o‘t o‘chiruvchilar o‘ta yuqori nurlanish dozalariga duchor bo‘ldi, lekin evakuatsiya qilingan odamlarda nurlanishning nojo‘ya ta’sirlari aniqlanmadi.
Reaktordan intensiv nurlanish chiqishi 10 kun davom etdi. Bu vaqt ichida katta miqdordagi radioaktiv zarralardan tashkil topgan yirik bulut hosil bo‘ldi. Qator hududlarda radioaktiv bulutning o‘tishi chaqmoqlar bilan to‘g‘ri kelib qoldi. Natijada, avariya joyidan yuzlab kilometr masofalardagi joylarda ham anchayin baland radiatsiya darajasiga ega dog‘lar yuzaga keldi.
Bu joylarda yashagan odamlar mahalliy hukumat vakillaridan hech qanday ogohlantirish olmadi va odatiy turmush tarzi bilan yashashda davom etdi. Shu jumladan, radiatsiya bilan zararlangan o‘tloqlarda boqilgan chorvadan sug‘orilgan sutni iste’mol qilishdi. Birinchi oy ichida buning natijasida ularning qalqonsimon bezida sezilarli miqdorda radioaktiv yod moddasi to‘planib qolishi sodir bo‘ldi. Metabolizmning o‘ziga xosligi sababidan, bu effekt bolalarda kuchliroq namoyon bo‘ldi.
Umumlashtirilsa, Chernobil avariyasining to‘g‘ridan to‘g‘ri talafotlari masshtabini mutaxassislar quyidagicha baholadi: avariyaga bevosita guvoh bo‘lganlar va keyin yetib kelgan o‘t o‘chiruvchilar orasida 134 nafar odam o‘tkir nurlanish kasalligiga yo‘liqdi hamda SSSRning ushbu radiatsiyadan eng ko‘p zararlangan bir necha hududlaridagi bolalarda qalqonsimon bez saratoni yuzaga keldi.
Chernobil avariyasining bevosita radiatsion ta’siri tufayli vafot etganlar soni 25 yil ichida 100 nafardan oshib ketdi (jumladan, avariyaning dastlabki 100 kunida o‘tkir nurlanish kasalligidan o‘lgan 28 nafar o‘t o‘chiruvchi hamda qalqonsimon bez saratonidan vafot etgan bir nafar go‘dak bilan birga).
Jamiyatdagi bu boradagi shakllangan fikr esa o‘zgacharoq: odamlar orasida Chernobil radiatsiyasidan o‘lganlar soni yuz minglab va hatto millionlab nafar bo‘lgan, degan qarash mavjud. Jamoatchilik fikri va ilmiy nuqtayi nazar orasidagi ziddiyatni bartaraf etishga shu choqqacha erishib bo‘lmadi.
Chernobil AES avariyasining bilvosita oqibatlarini baholash esa juda murakkab. Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining 2006-yilgi hisobotida, qalqonsimon bez saratoni bilan kasallanish darajasi ortib borishi prognoz qilingan edi. Mazkur fojiadan zarar ko‘rgan uch mamlakat – Ukraina, Belarus va Rossiyada 2016-yilga kelib qalqonsimon bez saratoni kasalligi bilan kasallanishning 11 ming holati qayd etildi.
Ushbu kasallanishlar sonining ma’lum qismi o‘sha 1986-yilda organizmga tushgan radioaktiv yod bilan bog‘liq bo‘lsa kerak, lekin bu kasallikning uzoq muddatli o‘sib borishini prognoz qilishning o‘zi qiyin; qalqonsimon bez saratoni yuzaga kelishining spontan xatari aholi qarilik ko‘rsatkichining ortishi bilan o‘sib boradi. Chernobil avariyasi oqibatidan yuzaga kelgan oqqon hamda boshqa onkologik bo‘lmagan kasalliklar: katarakta, yurak-qon tomir kasalliklari va boshqalarni o‘rganish davom etmoqda.
Hozirdagi radiatsion xavfsizlik
Radiatsiyaning ruxsat etilgan chegaraviy darajasi amaldagi radiatsion xavfsizlik normalari bilan aniqlanadi. Ko‘rsatilgan me’yordan oshib ketmagan bo‘lsa, radiatsion xavfsizlik ta’minlangan deb hisoblanadi.0,1–0,2 zivertdan kichik bo‘lgan past dozalardagi radiatsiyaning zarari haqidagi ilmiy tasdiqlar mavjud emas. 1950-yillar boshida radiatsion himoya bo‘yicha Xalqaro hay’at, ionlanuvchi nurlanishlar manbalari bilan ishlaydigan kasb egalari – nur terapevtlari, AES ishchilari, materialshunoslar, tibbiy fiziklar va boshqalar uchun tabiiy radiatsiyaga qo‘shimcha ravishda qabul qilinadigan ruxsat etilgan chegaraviy dozasini yilga 0,15 zivert deb belgiladi. Bundan past dozalar esa salomatlikka zarar yetkazmasligi kafolatlandi. Aholi uchun ruxsat etilgan nurlanish dozasi esa bunday kasb vakillariga belgilangan normadan 10 barobar kamroq bo‘lishi kerakligi belgilandi.
Keyingi yillarda esa jahondagi ijtimoiy-siyosiy ahvol jadal o‘zgarib bordi va yadroviy qurollanish poygasi bilan birga, yadro sinovlari soni ham ortib bordi. 1963-yilga kelib, atmosferadagi umumiy tabiiy radiatsiya miqdorining yetti foizini, o‘tkazilgan yadro sinovlari tufayli chiqarilgan radiatsion fon tashkil qila boshladi.
Yuzaga kelgan yangi global xatarni anglab yetgan RHXH 1960-yillarga kelib radiatsion himoya borasida yangi tamoyillarni joriy qildi: unga ko‘ra, odam tabiiy nurlanishdan tashqari, qo‘shimcha nurlanishni qanchalik kam olsa, salomatlik uchun shunchalik yaxshi deb ta’kidlanadi. Natijada, hozirda amal qiladigan ruxsat etilgan nurlanish dozasi chegaralari tabiiy nurlanish dozasi bilan taqqoslasa bo‘ladigan darajada o‘ta kichik miqdorlargacha pasaytirildi.
Ko‘plab sohalarda esa zararli moddalar bilan ishlashdagi me’yoriy normativlar o‘sha moddalarning to‘g‘ridan to‘g‘ri ziyon ta’siri tufayli emas, balki kuchli ehtiyotkorlik nuqtayi nazaridan pasaytirib belgilandi. Xususan, radiatsion xavfsizlik borasida ham ahvol shunday. Favqulodda holatda, masalan, avariya ro‘y bergan taqdirda, AES xodimlari 0,2 zivert nurlanish olishi mumkin.
Yuqoriroq dozalarda esa onkologik kasalliklar xavfi yuzaga keldi. AESning me’yoriy ish rejimidagi holati uchun xodimlar olishi mumkin bo‘lgan nurlanish dozasi yiliga 0,2 zivert deb belgilandi. Shunga qaramay, atom elektr stansiyasida ishlaydigan ishchilarning amaldagi ko‘rsatkichlari oxirgi 10 yil ichida barqaror ravishda yilga 0,002 zivertdan past ko‘rsatkichda bo‘lib kelmoqda (ya’ni avariya normatividan yuz marta past).
Aholi uchun texnogen nurlanishning ruxsat etilgan chegaraviy dozasi yiliga 0,01 zivertdan oshmasligi kerakligi belgilandi. Bu jahondagi o‘rtacha yillik tabiiy nurlanish dozasidan (0,0024) ikki barobardan ham kamdir. Amalda me’yoriy texnologik rejimda ishlab turgan atom korxonalari yaqinida yashovchi aholining yillik nurlanish ko‘rsatkichi o‘rnatilgan me’yorlarga qaraganda ancha past bo‘ladi.
Spontan o‘zgarib turuvchi tabiiy radiatsion fon bilan uyg‘unlikda bu kabi past dozali texnogen nurlanish darajasini qayd qilish (o‘lchash) juda murakkab bo‘lib, shu sababli u matematik usulda keltirib chiqariladi. Masalan, ilk atom kombinatlari (1948-yilda qurilgan “Mayak” va 1958-yilda qurilgan “GKX”) yaqinidagi radiatsion fon ruxsat etilgan chegaraviy dozadan o‘n marotabalab pastdir. Atom stansiyalari yaqinida esa minglab va o‘n minglab marta past.
AES yaqinida yashash xavfsizmi?
Hozirgi kunda AES yaqinida istiqomat qiluvchilarning radiatsion xavfsizligini ta’minlashda puxtalikning katta zaxirasi hosil qilingan. Avariyaga to‘xtaladigan bo‘lsak, radioaktiv moddalarning atrofga tarqalishi yuz berishi mumkin bo‘lgan og‘ir avariya sodir bo‘lishi xavfi juda kam. Bu xavf aviahalokat ro‘y berishi ehtimoli bilan taqqoslagulik darajada (1/8 000 000). Statistikaga ko‘ra, tijoriy aviatsiya – bu eng bexatar transport turi hisoblanadi, biroq mazkur masaladagi jamoatchilik fikri mavjud faktlardan keskin farq qiladi: haqiqatan ham ko‘plab odamlar avtomobil yoki poyezdda yurishdan ko‘ra, samolyotda uchishdan ko‘proq qo‘rqadi.Atom stansiyalari borasida ham vaziyat taxminan shu ahvolda. 1969-yildan 2000-yilgacha bo‘lgan 30 yil muddat ichida dunyodagi AESlarda besh nafardan ko‘p odam o‘limiga olib kelgan faqat bitta avariya sodir bo‘ldi va unda 31 nafar odam halok bo‘ldi. Shu muddat ichida gidroenergetika sohasida 11 ta og‘ir avariya sodir bo‘lgan bo‘lib, ularning oqibatida 30 mingdan ziyod qurbon berildi; issiqlik energetikasi sohasida esa (neft, gaz, suyultirilgan gaz) 637 ta jiddiy avariya sodir bo‘ldi va ularda 26 mingdan ziyod qurbon berildi.
Masalaning yana bir nozik jihati bor. Odatda odamlar rasmiy axborotga ishonmaydi va ular AES bilan bog‘liq holatda ham haqiqat yashirilyapti deb o‘ylashadi. Bu – Chernobil fojiasidan qolgan merosdir. Haqiqatan ham 1986-yil aprelida SSSRning siyosiy hukumati ikki sutkadan ziyod vaqt mobaynida avariya yuz bergani fakti haqida sukut saqladi.
Bir muddat o‘tgach esa radiatsion zararlanish ko‘lami haqidagi faktlarni yashirib, maxfiylashtirib yuborishdi. Hozirda vaziyat boshqacha: aholini o‘z vaqtida ogohlantirish majburiyati qonunchilik bilan belgilab qo‘yildi. Rossiyaning №170-FZ Federal qonunining 61-moddasida yadro uskunasidagi avariya faktini yashirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilab qo‘yildi.
Yana shuni tushunish muhimki, AESdagi har qanday nosozlik ham avariya hisoblanmaydi. Aholini yoppa ogohlantirish esa faqatgina aholining radiatsion xavfsizligiga tahdid yuzaga kelganidagina majburiy bo‘ladi. Bunday tahdid yuzaga kelmagan bo‘lsa, ekspluatatsiya qilayotgan tashkilot yoki uning boshqaruv organlari aholini ogohlantirish borasida o‘z ixtiyoriga ko‘ra ish tutishga haqlidir.
Radioaktiv chiqindilar qay darajada xavfli?
AESning faoliyati mobaynida radioaktiv chiqindilar hosil bo‘ladi. Tegishli choralar ko‘rilgan bo‘lsa, atom sanoatining radioaktiv chiqindilari aholi uchun xatar tug‘dirmaydi. Hozirda radioaktiv chiqindilar maxsus saqlash joylarida saqlanadi va ularning bir qismi qayta ishlanadi. Ayrim hollarda radioaktiv chiqindilar joyida ko‘mib yuboriladi.Atom korxonalarning butun faoliyat sikliga nisbatan bunday tadbirdan (chiqindilarni yo‘qotishdan) aholi uchun yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan radiatsion xatarlar juda kam bo‘lib, bunday chiqindilar bilan ishlaydigan korxonalar yaqinidagi radiatsion ahvol haqidagi ma’lumotlar 2030-yilgacha bo‘lgan muddatda Rossiyaning yadroviy va radiatsion xavfsizlikni ta’minlash federal dasturi saytida ochiq holda mavjud.
Radiatsion chiqindilarning muayyan, kichik miqdori uzoq yashovchan va yuqori darajadagi faol moddalar bo‘ladi. Ular bilan muomaladagi eng bexatar variant – bu chuqur tog‘ jinslari qa’riga ko‘mib yuborishdir. Yuqori radiatsion faollikka ega bo‘lgan radioaktiv chiqindilar masalasini hal etilishga to‘g‘ri kelgan barcha mamlakatlarda chuqur geologik ko‘mish varianti tanlangan. Chunki hozircha aytarli boshqa bir samaraliroq usulning o‘zi yo‘q.
Hozirda Rossiyada ham chuqurlikka ko‘mish punktini tashkil qilishga kirishildi. Krasnoyarsk o‘lkasidagi Nijnekansk tog‘ massivi hududida chuqurlikka ko‘mishning xavfsizlik masalalarini o‘rganish bo‘yicha yerosti laboratoriyasi tashkil qilinmoqda. Laboratoriyaning vazifasi barcha ehtimoliy xatarlarni kelgusi million yil uchun mo‘ljallab baholash va ularni hozirda mavjud xavfsizlik talablari bilan taqqoslashdir.
Tashkil qilinayotgan ushbu chuqurlikka ko‘mish punktiga qo‘yilayotgan talablar AESning o‘ziga qo‘yilgan talablardan ko‘ra o‘nlab va yuzlab marta qat’iyroqdir. Masalan, bunday yerosti laboratoriyasi chegarasidagi aholi uchun bir million yil mobaynidagi nurlanish dozasi 0,1 zivertdan oshmasligi kerak. Amalda ishlab turgan va xizmat muddati 60 yildan kam bo‘lgan AESlar uchun aholi nurlanish darajasi chegarasi yiliga 0,25 zivert deb belgilandi.
Tan olish kerakki, shu holatda ham xavfsizlik darajasi borasidagi jamoatchilik fikri va ilmiy faktlar bir-biridan keskin farqqa ega. AQShning Nevada shtatida joylashgan Yukka-Mauntin hududidagi chuqurlikka ko‘mish punkti o‘n yil avval foydalanishga tayyor bo‘lgan edi. Lekin jamoatchilik vakillarining xavotirlari bu loyihaga nisbatan shu qadar jiddiy to‘siq qo‘ydiki, natijada obyektni shu paytgacha foydalanishga qabul qilishning imkoni bo‘lmayapti.
Qator jiddiy xatolardan keyin odamlar o‘zlari yaratgan kuchli radiatsiya manbalari bilan qanday muomala qilishni o‘rganib oldi. Hozirda radiatsion xavfsizlik masalasida puxtalik borasida katta zaxira bilan ishlanmoqda. Shu bilan birga, jamoatchilik hali hanuz bu boradagi 1960–1970-yillarda shakllangan tasavvurlar bilan yashamoqda. Bu vaziyatni o‘nglash uchun esa faqat ilm orqali harakat qilish kerak.
Izoh (0)