Navoiy shahri markazidagi viloyatning bosh archasining yonib ketishiga elektr simlaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi vakili ma’lum qildi.
27-dekabr kuni 19:00 atrofida Navoiy shahri markazidagi viloyatning bosh archasida yong‘in kelib chiqqani haqida xabar berilgan edi. Mutaxassislarning dastlabki o‘rganish natijalariga ko‘ra, yong‘in archaga o‘rnatilgan elektr kabellarining yomg‘ir yoqqan vaqtda namiqib, qisqa tutashuv keltirib chiqarishi oqibatida yuzaga kelgan bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
“To‘liq o‘rganishlar natijasi bo‘yicha yakuniy ma’lumot OAVga taqdim etiladi”, — deydi viloyat FVB vakili. Uning qo‘shimcha qilishicha, archa oldida yong‘in-qutqaruv otryadi va yong‘in-o‘chirish avtoekipajining navbatchiligi tashkil etilgan, yakshanba kuni yuzaga kelgan favqulodda vaziyatni bartaraf etish uchun qo‘shimcha ikkita otryad texnikasi ham jalb etilgan.
Eslatib o‘tamiz, 23-dekabr kuni Farg‘ona shahridagi Markaziy dehqon bozori oldiga o‘rnatilgan bayram archasi uni bezab turgan chiroqlardagi qisqa tutashuv natijasida to‘liq yonib ketgani haqida xabar berilgan edi. 26-dekabr kuni esa Termizdagi Surxondaryoning bosh archasi ag‘darilgani ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)