“Napoli” jamoasi “Yuventus”ga qarshi o‘yindagi texnik mag‘lubiyat va ochko olib tashlanishi bilan bog‘liq ish apellyatsiyasida yutib chiqdi.
Italiya Olimpiya qo‘mitasi Apellyatsiya bo‘limi Italiya arbitraj sudi qarorini bekor qildi va jamoalar o‘rtasidagi uchrashuvni o‘tkazish, shuningdek, olib tashlangan ochkoni qaytarish qarorini qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, “Napoli” A Seriya doirasida 4-oktabr kuni bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan “Yuventus”ga qarshi bahsga yetib kelolmagandi. O‘sha vaqtda jamoada koronavirus tarqalgani sabab Neapol shahri sog‘liqni saqlash tashkiloti “Napoli”ga shahardan chiqishni taqiqlab qo‘ygandi.
Jennaro Gattuzo boshchiligidagi jamoa Turindagi uchrashuvni qoldirishni so‘rab murojaat qilgan. A Seriya esa o‘yinning qoldirilishiga hech qanday asoslar yo‘qligini ma’lum qilgan va “Napoli”ga texnik mag‘lubiyat yozgandi. Shuningdek, jamoadan bir ochko olib tashlangan. Bu qarorni Italiya futbol federatsiyasi ham qo‘llab-quvvatlagan, ushbu tashkilotlar apellyatsiya organlari ham ularning foydasiga qaror chiqargandi.
Shu tariqa, A Seriya Italiya Olimpiya qo‘mitasining mazkur qarori yuzasidan faqat xalqaro sport arbitraj sudiga (CAS) arz qila olishi mumkin.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)