“Barselona” qishki transfer oynasida o‘z tarkibini kuchaytirib olmoqchi, deya xabar qilmoqda Diario Sport.
Ta’kidlanishicha, katalon klubi “Lion” hujumchisi Memfis Depay va “Manchester Siti” himoyachisi Erik Garsiyani sotib olish niyatida. “Ko‘k-anorranglilar” bu xaridlarni yanvardayoq amalga oshirmoqchi va shu orqali jarohatlar sabab kuchsizlanib qolgan tarkibni barqaror holatga keltirmoqchi.
“Barselona” yozda ham Depayga jiddiy qiziqish bildirgandi. Katalonlar ustozi Ronald Kuman uni jamoasida ko‘rishni istagandi. Depay 2020/21-yilgi mavsum “Lion” safida 16 ta o‘yin o‘tkazib, 8 gol va to‘rtta golli uzatma muallifiga aylandi. Uning fransuz klubi bilan amaldagi shartnomasi 2021-yilga qadar mo‘ljallangan.
Erik Garsiya — “Barselona” tarbiyalanuvchisi. U 2016-yilda 1,7 million yevro evaziga “Manchester Siti” tizimiga yo‘l olgandi. U joriy mavsum ingliz klubi safida APLda uchta o‘yin o‘tkazdi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)