“Real” hujumchisi Karim Benzema Marca talqiniga ko‘ra Ispaniya chempionati 2019/20-yilgi mavsumning eng yaxshi o‘yinchisi deb topildi.
Karim Benzema ushbu sovrinni qabul qilib oldi. Shuningdek, “Real” vakillari Tibo Kurtua va Zinedin Zidanga mavsumning eng yaxshi darvozaboni hamda murabbiyi uchun atalgan sovrin taqdim etildi.
2019/20-yilgi mavsumda “Real” 87 ochko to‘plagan holda La Liga g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Madridliklar eng yaqin ta’qibchi “Barselona”ni 5 ochkoga ortda qoldirdi.
Fransiyalik futbolchi o‘tgan mavsumda Primeraning 37 o‘yinda qatnashib, 21 gol va 8 ta golli uzatma muallifiga aylandi.
Ma’lumot uchun, ushbu sovrin 2009-yildan buyon Lionel Messi yoki Krishtianu Ronalduga nasib etayotgandi.
Benzema 2009-yildan buyon “Real”da to‘p surib keladi. Uning klub bilan amaldagi shartnomasi 2022-yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Joriy mavsum fransiyalik futbolchi La Ligada 7 ta gol urdi va 5 ta golli uzatma muallifiga aylandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)