Koronavirus infeksiyasi pandemiyasi munosabati bilan Yevropa aholisiga Rojdestvo va Yangi yilni kutib olish uchun iloji boricha ko‘chada to‘planish tavsiya etiladi. Bunday band Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan bayramlar arafasida ataylab chiqarilgan tavsiyalar ichiga kiritilgan, deb yozadi “RBK”.

Foto: Reuters

“Imkon boricha ko‘chada to‘planish kerak, shunda ham niqob taqib, masofaga rioya qilish kerak”, — deyiladi tavsiyada. Bayramlarni bino ichida nishonlashda esa juda ko‘p odamlar yig‘ilmasligiga, xona esa yaxshi shamollatilishiga e’tibor berish kerak — bu kasallikni yuqtirish xavfini kamaytiradi.

JSST tushuntirishicha, bino ichida o‘tkaziladigan bayramlar hatto mehmonlar kam bo‘lsa ham xavflidir: odatda bunday mehmondorchiliklarda turli yoshdagi va turli oilalardan kelgan odamlar ishtirok etadi.

Tashkilot fikricha, koronavirus infeksiyasining oldini olish choralariga rioya qilmaslik oqibatida 2021-yilning ilk haftalari va oylarida Yevropada COVID-19 yana avj olishi mumkin. JSST hukumatlarga kasallik yanada tarqalishi xavflarini kamaytirish uchun ba’zi tavsiyalarni berdi.

Mamlakatlar Rojdestvo yarmarkalari va ommaviy bayram tadbirlarini bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishi kerak. Rojdestvo ibodatlarini ochiq havoda o‘tkazish va ishtirokchilar sonini cheklash kerak. Tog‘-chang‘i kurortlarida odamlarning yopiq binolarda ommaviy to‘planishlarini taqiqlash kerak. Fuqarolar esa bayram kunlari odatda o‘ta gavjum bo‘ladigan jamoat transportidan uzoqroq yurishi kerak.

Bir qator Yevropa mamlakatlari Rojdestvo va Yangi yil bayramlari kuni ham amalda bo‘ladigan cheklovlarni joriy qilmoqda. Xususan, 16-dekabr kunidan Buyuk Britaniya poytaxtida COVID-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishi munosabati bilan cheklov choralarining uchinchi — eng yuqori darajasi amal qilishni boshladi. Germaniyada koronavirus bilan bog‘liq og‘ir vaziyat tufayli 16-dekabrdan boshlab kamida 10-yanvarga qadar davom etuvchi qat’iy lokdaun joriy etildi. Fransiya bosh vaziri Jan Kasteks esa mamlakatda 15-dekabrdan komendantlik soatini e’lon qildi, u soat 20:00 dan soat 06:00 gacha amal qiladi. Komendantlik soati Yangi yil kechasi ham kuchda bo‘ladi.