Buyuk Britaniyada aniqlangan COVID-19’ning yangi turi tez tarqalish xususiyatiga ega, lekin xavflilik darajasi yuqori emas. Bu haqda Sky News’ga COVID-19 bo‘yicha JSSTning maxsus vakili Devid Nabarro ma’lum qildi, deb yozmoqda “Interfaks”.

Foto: Reuters

“Virusning ushbu turi yuquvchan, lekin xavfli bo‘lib ko‘rinmayapti”, — degan u, shuningdek, “Ma’lumotlar bu Buyuk Britaniyada virusga qarshi kurashning ustuvor yo‘nalishlarini tubdan o‘zgartirmasligini ko‘rsatmoqda”, — deb ta’kidlagan.

Shu bilan birga, Nabarro jamoatchilikni mavjud vaziyatda hushyor bo‘lishga chaqirgan.

Kuni kecha, 14-dekabr kuni mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Mett Xenkok mutaxassislar ushbu tur bilan kasallanishning mingdan ortiq holatini aniqlaganini, bu Buyuk Britaniyaning janubi-sharqida kasallikning tez tarqalishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkinligini bildirgan. Vazir London koronavirusning yangi turi aniqlangani haqida JSSTni ogohlantirganini qo‘shimcha qilgan.

Buyuk Britaniyada pandemiya boshidan buyon 1,8 milliondan ortiq kishi koronavirusga chalingani qayd etilgan, ularning 64,1 ming nafari vafot etgan. So‘nggi vaqtlarda mamlakatda pandemiyaga qarshi cheklovlar kuchaytirilmoqda. Xususan, London va mamlakat  janubi-sharqidagi bir qator shaharlarda 16-dekabrdan boshlab barlar, pablar, kafe va restoranlar yopiladi. Ular faqat buyurtma asosida yetkazib berishi yoki mizojlarning o‘zi olib ketishi orqali ishlashi mumkin.