Angliyaning Cheshir grafligida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in yuz bergan binolarning birida 70 ta noyob superkar bo‘lgani aytilmoqda, deb xabar beradi Motor. Yong‘in bir nechta noyob avtomobillarni, xususan, qiymati 4 million dollar turadigan modelni ham yakson qilgan.

Foto: Daily Mail

Mahalliy o‘t o‘chirish brigadasiga yong‘in haqidagi xabar soat 22:00 larda kelib tushgan. Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar yong‘in ichida qolgan bir nechta binoga duch kelgan. Ko‘chmas mulk egasining so‘zlariga ko‘ra, bino ichida o‘nlab sport avtomobillari mavjud. Oltita ekipaj bir necha soat davomida olovga qarshi kurashgan, biroq ular birorta ham mashinani qutqarib qolishga muvaffaq bo‘lmagan. Yong‘in oqibatida superkarlarning barchasi kulga aylangan.

Ma’lum bo‘lishicha, bino hududidagi garajda 70 ga yaqin ekslyuziv avtomobillar, jumladan, Ferrari, Lamborghini, Porsche va Jaguar’ning modellari bo‘lgan. Mulk egasining asosiy yo‘qotishiga qiymati 4 million dollar turgan superkar aylangan. Mazkur model nomi oshkor qilinmagan.

Foto: Daily Mail

Yonib ketgan avtomobillar va yetkazilgan zararning umumiy qiymati tergov davomida aniqlanadi. Biroq hozirdan taxmin qilish mumkinki, noyob avtomobillar egasi o‘nlab million dollaridan ayrilgan. Bu qadar keng ko‘lamli yong‘in nima sababdan kelib chiqqani hozircha noma’lum.

Avvalroq AQShda avtosalon va yuzlab mashinalar yoqib yuborilgani to‘g‘risida xabar berilgandi.