Samarqandda 14 yoshli haydovchi boshqaruvidagi Tracker avtomobili ishtirokida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi, deya xabar bermoqda YHXBB.
Ma’lum qilinishicha, 2020-yil 15-dekabr soat 23:30 larda Samarqand viloyatining Oqdaryo tumanidan o‘tuvchi xalqaro ahamiyatga ega bo‘lgan M-37 avtomobil yo‘lining 10-kilometrida o‘lim bilan yakunlangan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.
Oqdaryo tumanining “Dahbed” mahallasidan o‘tuvchi qismidan Buxoro–Samarqand yo‘nalishi bo‘yicha 2006-yilda tug‘ilgan bola boshqaruvidagi Tracker rusumli transport vositasi yo‘lning o‘rtasiga o‘rnatilgan 5.11.1 (qayrilib olish joyi) yo‘l belgisining beton to‘sig‘iga urilgan. Oqibatda haydovchining yonida bo‘lgan 14 yoshli bola voqea joyida vafot etgan.
“Soat taxminan 7–8 larda mashinani olib chiqdim. Oyim namoz o‘qiyotgan vaqt. Uydagilarning xabari yo‘q edi. Do‘stimga telefon qildim. Do‘stimni va uning tanishini yo‘ldan oldim.
Yo‘lda ketayotganimizda qarshimizdan Spark chiqib qoldi. Signal chalsam ham to‘xtamadi. Uni urib yubormaslik uchun uni aylanib o‘taman deganimda mashinani ustunga urib oldim.
Undan keyin nima bo‘lgani esimda yo‘q. Do‘stimning tanishini shifoxonaga olib bordik. EKG qilishganda uni vafot etgani aniqlandi. Qilgan ishimdan pushaymonman”, – deydi haydovchi.
Haydovchining otasi o‘g‘lini ogohlantirganini ta’kidladi.
“Qonunda nima chora bo‘lsa, men roziman otasi sifatida, javobini bersin. Uni oqlamoqchi emasman”, – deydi otasi.
YTH kelib chiqish sababi o‘rganilganda, voqea avtomashina tezligi me’yoridan oshirilgani va haydovchining tajribasizligi oqibatida sodir bo‘lgani aniqlangan.
Avvalroq Paxtachida yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tayotgan piyodani Spark urib ketishi oqibatida jabrlanuvchi vafot etgani, Namanganda MAN va Nexia ishtirokida yuz bergan YTH oqibatida 6 kishi halok bo‘lgani hamda Toshkentda Mercedes Gelendvagen va Nexia ishtirokida yuz bergan YTHda haydovchilardan biri jarohat olgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)