UFC’da o‘rta vazn toifasida chempionlik kamariga to‘rt bor da’vogarlik qilgan Yoel Romero faoliyatini Bellator’da davom ettiradi.
Bu haqda o‘z manbalariga tayanib Ariel Helvani xabar qilmoqda. Ta’kidlanishicha, 43 yoshli kubalik sportchi Bellator bilan shartnoma borasida kelishuvga erishgan. U 2021-yilda promoushenda debyut qiladi.
Avvaliga Bellator rasmiylari Romeroni qo‘shib olishni istamagan, biroq uzoq davom etgan muzokaralardan keyin tomonlar murosaga kelgan.
Biroz muddat oldinroq UFC Romero bilan shartnomani bekor qilgandi. UFC prezidenti Deyna Uayt buni yakkakurashchining ketma-ket mag‘lubiyatlari va yoshining kattaligi bilan izohlagandi.
Romero UFC’da 13 ta jang o‘tkazib, ularning 9 tasida g‘alaba qozongan. So‘nggi to‘rt jangni boy berdi, biroq ularda Yoel jiddiy raqiblar bilan kurash olib borgandi. U so‘nggi bor UFC 248 musobaqasida Israel Adesanyaga qarshi chempionlik jangida ishtirok etgan va unda mag‘lub bo‘lgandi. Romero UFC’dan chetlatilgan vaqtda o‘rta vazn divizioni reytingida 4-o‘rinda borayotgandi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)