Hindiston janubidagi Andxra-Pradesh shtatida aniqlangan noma’lum kasallikka qo‘rg‘oshin va nikeldan zaharlanish sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin, ularning qoldiqlari suv va sutdan topilgan. Bu haqda “RIA Novosti” shtat bosh vaziri matbuot xizmatiga tayanib xabar bermoqda.

Foto: AP Photo

Eluru shahrida va uning atroflarida noma’lum kasallik o‘tgan yakshanba kuni avj ola boshladi. Kasallik belgilari orasida uch-besh daqiqa mobaynida tutqanoq tutib qolish, bir necha daqiqaga xotirani yo‘qotish, to‘satdan hushini yo‘qotish, bosh og‘rig‘i va bel og‘rig‘i bor. Jami 505 kishi kasallikka chalingan, 370 dan ortiq odam sog‘aygan, yana 120 nafari kasalxonalarda qolmoqda.

“Sirli kasallikni nima keltirib chiqargani haqidagi to‘liq ma’lumot markaziy idoralar o‘z hisobotlarini taqdim etgandan keyin aniq bo‘ladi. Birinchi navbatda aniqlangan narsa shu bo‘ldiki, kasallik avj olishiga qo‘rg‘oshin sabab bo‘lgan”, — dedi shtat rahbarining sog‘liqni saqlash bo‘yicha o‘rinbosari Alla Kali Krishna Shrinivas.

Hisobotda ta’kidlanishicha, bu dastlabki ma’lumotlar, hali qo‘shimcha tadqiqotlar natijalarini ham kutish kerak.

The Times of India aniqlik kiritishicha, tadqiqotni Hindiston kimyoviy texnologiyalar instituti va boshqa institutlar mutaxassislari olib bormoqda, uning natijalari yaqin orada e’lon qilinishi kutilmoqda. Nashr ma’lumotlariga qaraganda, ba’zi bemorlar suvning rangi va mazasi o‘zgargani sezilganini aytgan.

Mahalliy OAVlar yozishicha, Eluru shahri joylashgan G‘arbiy Godavari okrugida ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolar mavjud. Okrug Andxra-Pradesh shtatidagi eng yirik guruch eksportchisi hisoblanadi, uning sug‘orish tizimiga esa britaniyalik afsonaviy muhandis ser Artur Kotton bir asr avval asos solgan.

Eslatib o‘tamiz, Hindiston janubidagi Eluru shahrida 5-dekabrdan buyon bir kishi noma’lum kasallikdan vafot etgan, yana 848 kishida shu kasallik belgilari aniqlangan. Bemorlar bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, tutqanoq tutishidan shikoyat qilmoqda. Hukumat qayd etishicha, kasallik odamdan odamga yuqmaydi. Times of India ma’lumotlariga ko‘ra, zaharli xlororganik birikmalar va chivinga qarshi vositalar ham sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunga zaharlanish sabab bo‘lgan, u COVID-19’ga aloqador emas.