Hindiston janubidagi Eluru shahrida aniqlangan noma’lum kasallik COVID-19’ga aloqador emas. Bu haqda Andxra-Pradesh shtatidagi G‘arbiy Godavari okrugi inspektori Dolla Joshi Roy ma’lum qildi, deb yozadi “Kommersant”.

Foto: AP Photo

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bunga zaharlanish sabab bo‘lgan. Jabrlanganlar soni 800 kishidan oshgan.

“Biz koronavirusga qarshi testlar o‘tkazdik, natijalar manfiy chiqdi. Shunday ekan, bu koronavirus emasligini bilamiz”, — deya Dolla Joshi Royning so‘zlarini keltiradi The Guardian.

5-dekabrdan buyon 848 ta kasallanish holati aniqlangan. Bir kishi vafot etgan. Bemorlar bosh aylanishi, bosh og‘rig‘i, tutqanoq tutishidan shikoyat qilmoqda. Hukumat qayd etishicha, kasallik odamdan odamga yuqmaydi. Times of India ma’lumotlariga ko‘ra, zaharli xlororganik birikmalar va chivinga qarshi vositalar ham sababchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin.

Avvalroq Eluru shahrida bir kishi noma’lum kasallikdan vafot etgani, yana 315 kishi xuddi shu kasallik belgilari bilan kasalxonaga yotqizilgani xabar berilgan edi. Kasallanganlar 5-dekabr, shanba kuni shifokorlarga murojaat qila boshlagan. O‘sha kuni noma’lum kasallik belgilari Eluruning turli hududlarida yashovchi 45 kishida aniqlangan.

Noyabr oyida Senegalda o‘nlab baliqchilar ochiq okeanda noma’lum kasallikni yuqtirib olgan edi. O‘shanda Senegalda (G‘arbiy Afrikada joylashgan) 200 ga yaqin kishi noma’lum kasallikka chalingan, ular ochiq okeanda uni yuqtirib olgani taxmin qilingan edi.