AQShning Arlington shahrida (Texas shtati) 5-dekabr, shanba kuni (Toshkent vaqti bilan 6-dekabr tongida) professional boks oqshomi tashkil etildi.
Asosiy jang professional boksning yarim o‘rta vazn toifasida (-66,6 kg) IBF va WBC kamarlari sohibi Errol Spens (27-0, 21 KO) hamda da’vogar, ikki vazn toifasida sobiq Jahon chempioni Denni Garsiya (36-3, 21 KO) o‘rtasida kechdi.
Jang to‘liq 12 raund davom etdi. Hakamlarning yakdil xulosasiga ko‘ra Errol Spens to‘qnashuvni o‘z foydasiga hal etdi — 116:112, 116:112, 117:111.
Shu tariqa Spens Garsiyaga qarshi jangda o‘z kamarlarini himoya qildi va mag‘lubiyatsiz yurishini davom ettirdi.
Eslatib o‘tamiz, ushbu vazn toifasida (-66,6 kg) o‘zbekistonlik Qudratillo Abduqahhorov (17-0, 9 KO) ham faoliyat olib boradi. Qudratillo ayni damda IBF yo‘nalishida chempionga qarshi jang uchun majburiy da’vogar hisoblanadi.
Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!
Izoh (0)