Rio—2016 Olimpiadasi chempioni, hozirda faoliyatini professional ringda davom ettirayotgan Fazliddin G‘oibnazarov (9-1, 5 KO) 5-dekabr, shanba kuni o‘zining navbatdagi jangini o‘tkazdi.
Rossiyaning Yekaterinburg shahrida bo‘lib o‘tadigan musobaqada Fazliddinga kelib chiqishi Armanistondan bo‘lgan Manuk Dilanyan (11-5, 4 KO) raqiblik qildi.
Fazliddin bahsni ishonch bilan boshladi va uchinchi raund so‘ngida Dilanyanni nokdaun holatiga tushirdi. Keyingi ikki raundda G‘oibnazarov tempni biroz tushirdi, biroq vaziyatni nazorat qildi.
So‘nggi uch raund o‘zbekistonlik bokschining faolligi ostida o‘tdi. Shu tariqa jang to‘liq — 8 raund davom etdi. Yakunda hakamlar bir ovozdan Fazliddinning g‘alabasini qayd etdi.
Shuningdek, mazkur boks oqshomida yana bir o‘zbekistonlik bokschi Sardor Muzaffarov (4-4, 2 KO) mahalliy sportchi Yevgeniy Chuprakovga (23-3, 12 KO) qarshi bahs yuritdi. 8 raund davom etgan jangda Chuprakov ochkolar hisobiga g‘alaba erishdi.
Izoh (0)