Yaponiya 2030-yillarning o‘rtalariga borib benzinli dvigatelda harakatlanadigan yangi avtomobillarni sotuvdan chiqarib tashlaydi. Bu haqda NHK telekanaliga tayanib Motor xabar berdi.
Mazkur moratoriy Yaponiya bosh vaziri Yosixide Sugining 2050-yilga borib atmosferaga karbonat angidrid gazi chiqishini nolga tushirish bo‘yicha rejasining bir qismi hisoblanadi. Qonun loyihasini ishlab chiqish bilan mamlakatning Iqtisodiyot, savdo-sanoat vazirligi shug‘ullanadi. Loyiha favqulodda debatlardan o‘tib, yil oxiriga qadar tayyor bo‘ladi.
Agar taqiq joriy etilsa, 10—15 yildan so‘ng mamlakatda faqat elektrlashtirilgan va gibrid avtomobillar sotishga ruxsat beriladi, ichki yonuv dvigateliga ega an’anaviy mashinalar esa taqiqqa uchraydi.
Hozircha yapon avtomobilsozlik kompaniyalari ushbu moratoriy va uning biznesga ta’siri bo‘yicha biror izoh bermagan.
Boston Cunsulting Group prognozlariga ko‘ra, Yaponiyada elektrokarlar ulushi 2030-yilga borib 55 foizga oshadi. “Batareyali” mashinalarga bo‘lgan talab akkumulyatorlar narxi kutilganidan tezroq arzonlashayotgani sabab ortishni davom etadi.
Mavzuga doir: Dunyoda bir daqiqa ichida eng ko‘p mashina ishlab chiqaradigan avtomobil kompaniyalari reytingi e’lon qilindi
Izoh (0)