Jizzax shahrida Lacetti rusumli xizmat mashinasida qoida buzgan YPX xodimiga chora ko‘rildi, deya xabar bermoqda YHXBB.
Ma’lum qilinishicha, 2020-yilning 2-dekabr kuni ijtimoiy tarmoqda “YPX xodimi qoidani buzdi” sarlavhasi ostida videolavha tarqalgan.
Videolavhada Jizzax shahrida viloyat IIB YHXBga tegishli Lacetti rusumli, davlat raqami 25 226 VSF bo‘lgan maxsus xizmat avtomashinasi piyodalar o‘tish joyidan oldin chizilgan 1.1 (qarama-qarshi yo‘nalishlarda harakatlanayotgan transport oqimlarini ajratadi, yo‘lning xavfli joylaridagi harakatlanish bo‘lagi chegarasini, yo‘lning kirish taqiqlangan qismi chegarasini, transport vositalarining to‘xtab turish joyi chegarasini hamda avtomagistral qatoriga kiritilmagan yo‘lning qatnov qismi chegarasini bildiruvchi chiziq) yo‘l yotiq chizig‘ini bosib harakatlangani aks etgan.
Qayd etilishicha, holat o‘rganilgan va Lacetti rusumli, 25 226 VSF davlat raqam belgili maxsus xizmat avtomashinasi biriktirilgan haydovchi xodimga nisbatan belgilangan tartibda chora ko‘rilgan.
Avvalroq Toshkentda yo‘l qoidasini buzgan YPX xodimi jarimaga tortilgani, Surxondaryoda “To‘xtash taqiqlanadi” belgisi ostida qoldirilgan IIBga qarashli Lacetti hamda Captiva’ga jarima belgilangani hamda Sirdaryoda birovning xotinini yo‘ldan urgani aytilgan Toshkent viloyati YHXB xodimi ishdan bo‘shatilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)