Toyota kompaniyasi transport vositasi harakatlanayotgan vaqtda unga yoqilg‘i quyish yoki elektr energiyasi bilan quvvatlantirish imkonini beradigan robotlashtirilgan haydovchisiz boshqariluvchi avtomobilni yaratish ustida ish olib bormoqda. Hozirda loyiha patent ko‘rinishida mavjud, deb xabar beradi Motor.

Foto: Patentswarm

Dastlabki eskizlarga ko‘ra, haydovchisiz boshqariladigan avtonom transport vositasining ishlash prinsipi samolyotlarga havoda yoqilg‘i quyish texnologiyasiga o‘xshab ketadi. Aviatsiyada uchuvchilar samolyot parvoz qilayotgan vaqtda ham uni maxsus nasos va shlanglar yordamida yoqilg‘i bilan to‘ldira oladi.

Robotlashtirilgan haydovchisiz boshqariluvchi avtomobil GPS-treking yordamida yoqilg‘i quyish shoxobchasini aniqlaydi. Yoqilg‘ining klassik turi yoki elektr energiyasi bilan to‘ldirishda qanday texnik yechimdan foydalanilishi hozircha noma’lum. Shu bilan birga, avtonom dron transport vositasiga to‘g‘ri harakat vaqtida yoki to‘xtaganda yoqilg‘i quyadimi — bunisi ham tushunarsiz.

Foto: Patentswarm

Toyota muhandislari javob berishi kerak bo‘lgan yana bir masala — yoqilg‘ini quyishda haydovchi ham ishtirok etadimi, masalan, benzobak yoki elektromobilning quvvatlantirish portini ochib beradimi? Aftidan, yapon mutaxassislari elektrokarlar uchun biror o‘tkazgich yaratishga yoki kelajakdagi barcha modellarni standartlashtirishga majbur bo‘ladi.

Foto: Patentswarm

Foto: Patentswarm

Foto: Patentswarm

Ayni vaqtda Toyota haydovchisiz boshqariladigan loyihani patentlagan. Biroq umumiy foydalanishdagi yo‘llarda avtonom transport vositasidan foydalanish hamon ko‘plab bahs va munozaralarga sabab bo‘lmoqda, shu sababli bu kabi texnologiyaning yaqin kunlarda paydo bo‘lishi kutmaslik kerak.